2019 yil Samarqand viloyati hayotida(oktyabr, noyabr, dekabr)
Oktyabr
1 oktyabr holatida Samarqandda 100 yoshdan oshgan pensiya va nafaqa oluvchilar 53 nafarni tashkil etdi. Ularning 41 nafari ayollar.
2 oktyabr - Toyloq va Ishtixon tumanlarida jinoyat ishlari bo‘yicha ma’muriy hamda tumanlararo iqtisodiy va fuqarolik sudlari uchun qurilgan yangi sud binosi foylanishga topshirildi.
5 oktyabr - “Keksalar haftaligi” doirasida Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab marafon o‘tkazildi. Unda 200 nafardan ortiq sportsevar nuroniylar 5 ming qadam masofani bosib o‘tdi.
7 oktyabr - Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan xalqaro ta’lim dasturlari fakultetida Hindistonning mamlakatimizdagi elchisi Santosh Ja ishtirokida Hindiston madaniyati o‘quv markazi ochildi.
8 oktyabr - Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi Vakillar palatasi raisi Shukurjon Zuhurov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov hamrohligida Samarqandga keldi.
11 oktyabr - Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida yurtimizdagi davlat organlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar, Vena shahridagi Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ishtirokchi mamlakatlarining doimiy vakillari ishtirokida “O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi masalalari” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazildi.
20 oktyabr - Viloyat hokimligida Hindistonning Gujarat shtati ishbilarmon doiralari vakillari va samarqandlik tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
26 oktyabr - Viloyatda yagona mobil javonga ega arxiv binosi Past Darg‘omda foydalanishga topshirildi.
Noyabr
3 noyabr - Samarqand shahrida ilk bor dunyoning 23 davlatidan kelgan 1100 nafardan ortiq sportchi va havaskorlar ishtirokida Samarkand Half Marathon – xalqaro xayriya marafoni o‘tkazildi.
5 noyabr - Texnion – Isroil texnologiya instituti Materialshunoslik va muhandislik kafedrasi professori, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextmanga SamDU faxriy professori unvoni berildi.
10-11 noyabr - Samarqandda “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi o‘tkaziladi.
“Markaziy Osiyo va Yevroosiyo: global tartibsizliklarning oldini olish bo‘yicha keng qamrovli hamkorlik” mavzuidagi bu yilgi konferensiyada o‘ndan ortiq xorijiy mamlakatdan ekspertlar, siyosatshunoslar qatnashdi.
17 noyabr - Samarqand shahrida o‘qituvchi-murabbiylar uchun ilk bor arzonlashtirilgan narxlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
23 noyabr - “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsiyalar forumi va viloyat ishlab chiqaruvchilarining “Made in Samarkand” milliy ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Ilk bor o‘tkazilayotgan tadbirda 30 davlatdan kelgan 200 nafardan ortiq xorijiy sarmoyadorlar ishtirok etdi va 1,3 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi.
26 noyabr - Samarqanddagi “UzAuto Trailer” mas’uliyati cheklangan jamiyati Rossiyaning “KAMAZ” ishlab chiqarish aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda yangi “KAMAZ” avtomobillari shassisini yig‘ish liniyasini rasman ishga tushirdi.
27 noyabr - Samarqandda Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasi (WTCF) tashabbusi bilan turizmni rivojlantirish va o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan “Bitta makon – bitta yo‘l” mavzusida Markaziy Osiyo mintaqaviy konferensiyasi o‘tkazildi.
Dekabr
8 dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yilligi arafasida Qorasuv massividagi Obod maskan mahallasida 546 oila uchun 13 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi.
13 dekabr - Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Yaponiyaning Nagoya shahri meri Takasi Kavamura boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
***
Samarqand viloyati qishloq xo‘jalik xodimlari mavsumni muvaqqaqiyatli yakunladi. 103,9 ming gektar maydondagi g‘alladan 664,8 ming tonna don, 75,5 ming gektar maydondan salkam 180 ming tonna paxta xomashyosi yig‘ib olindi. Shuningdek, 276 ming 153 tonna meva, 1 million 120 ming tonna sabzavot, 464 ming tonna uzum yetishtirildi. 1 million 260 tonnadan ziyod go‘sht va 954 ming litr sut mahsulotlari tayyorlandi.