2020 yilning 9 oyida samarqandliklarga qancha ipoteka krediti ajratildi?

Shu yilning 9 oyi davomida yurtimizda tijorat banklari tomonidan 50 627 nafar jismoniy shaxsga 6,4 trillion so‘m miqdorida ipoteka krediti ajratildi. Samarqand viloyatida esa bu davrda 3 127 nafar jismoniy shaxs 625 milliard so‘m miqdorida ipoteka krediti oldi.

Ajratilgan ipoteka kreditlari summasining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan eng yuqori o‘sishi (126 foiz) bo‘yicha Samarqand viloyati Toshkent shahridan keyingi o‘rindan joy oldi.

Joriy yilda viloyatda ajratilgan ipoteka kreditlarining 621,0 milliard so‘mi “Qishloq qurilish invest” va “O‘zshahar qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan qurilgan va birlamchi bozordagi boshqa uylarni, shuningdek, 4,0 milliard so‘mi ikkilamchi bozordagi uylarni sotib olish uchun ajratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, yangi tartib asosida respublika bo‘yicha 3 695 nafar fuqaroga 793,3 milliard so‘m, viloyatimizda esa 1 082 nafar fuqaroga 215,8 milliard so‘m ipoteka kreditlari ajratildi. Yangi tartib asosida ajratilgan mazkur ipoteka kreditlarining yuqori ulushlari Samarqand viloyati, Toshkent shahri, Navoiy hamda Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

S.Abdualimov,

Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.