2022 yil hosili uchun viloyatimizda qancha maydonga g‘alla ekiladi?
Tajribali dehqonlarimiz erta ekilgan urug‘ mo‘l hosilning garovi deyishadi. Shu bois, g‘allani ham sunbulada ekib, qish ostonisiga kirmasdan tuplash fazasiga yetkazish hosildorlikni kamida 5-10 sentnerga oshiradi. Bu g‘allakorlarimiz tomonidan necha yillarki tajribalar natijasida sinalgan.
Narpay tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan hududdagi Islom Shoir muqobil mashina traktor parkiga qarashli “Elbek” fermer xo‘jaligi dalalarida bugun o‘tkazilgan seminarda ham kuzgi boshoqli don ekinlari ekish va sifatli agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2022 yil hosili uchun viloyatimiz g‘allakorlari 116 ming 530 gektar maydonda g‘alla ekishmoqda va uning 94 ming 230 gektari suvli maydonlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Buning uchun g‘allakorlarimiz tomonidan “Andijon-2”, “Alekseyevich”, “Vexa”, “Grom”, “Bezostaya-100” “Asr”, “Krasnodar-99”, “Jasmina”, “Pervitsa” va “Yaksart” kabi sinovdan o‘tgan va iqlim sharoitimizga mos keladigan navlar tanlandi.
Eslatib o‘tamiz, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi 2022 yil kutilayotgan minimal narx 1 tonna g‘alla hosili uchun 2,5 million so‘m bo‘lishi e’lon qilingandi.
Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi axborot xizmati.