2024 yilda viloyat daromadlari qanday sarflanadi?

Viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilda viloyatning yalpi hududiy mahsuloti hajmi 74,1 trillion so‘mni tashkil etgan. Yalpi hududiy mahsulot hajmi aholi jon boshiga 17 million so‘mdan ziyodroq. Sohalar kesimida qaraydigan bo‘lsak, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 51,2 trillion so‘m (113,7 foiz), sanoat mahsulotlari hajmi 32,7 trillion so‘m (105,8 foiz), xizmatlar hajmi 29 trillion so‘m (113,7 foiz), chakana savdo aylanmasi hajmi 30,2 trillion so‘m (108 foiz) va qurilish hajmi 10,1 trillion so‘m (108,9 foiz)ni tashkil etgan.

Solishtirish uchun: bu davrda respublikaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 104,4 foiz, sanoat mahsulotlari hajmi 106 foiz, xizmatlar hajmi 113,7 foiz, chakana savdo aylanmasi hajmi 109,1 foiz va qurilish hajmi 106,4 foizni tashkil etgan.

2024 yilda viloyat yalpi hududiy mahsulot hajmi 5,7 foizga o‘sishi kutilmoqda va byudjet tushumining 80 foizdan ortig‘i ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga sarflanadi.

Shunday qilib 2023 yilda tashabbusli byudjet loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun 350 milliard so‘m sarflangan bo‘lsa, joriy yilda buning uchun 370 milliard so‘m va qo‘shimcha yana 40 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek joriy yilda daromadlar rejasi 5 trillion 191,3 milliard so‘mga belgilangan bo‘lib, (o‘tgan yilga nisbatan 117 foiz) xarajatlar qismi 6 trillion 750 million so‘mga rejalashtirilgan.

Jumladan, ijtimoiy sohaga 4,3 trillion so‘m, shundan, ta’limga 1,3 trillion so‘m yoki jami xarajatlarning 19 foizi, sog‘liqni saqlashga 2,7 trillion so‘m yoki jami xarajatlarning 40 foizini tashkil qiladi. Markazlashgan investitsiyalarga 701,7 milliard so‘m (jami xarajatlarning 10 foizi), tashabbusli byudjetga 458,3 milliard so‘m, iqtisodiyot xarajatlariga 610,9 milliard so‘m, shundan, obodonlashtirishga 263,7 milliard so‘m, ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun 64 milliard so‘m, veterinariya sohasi tashkilotlarini saqlash uchun 50,1 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab xarajatlar qismiga quyidagi o‘zgarishlar kiritilmoqda. Ya’ni, tegishincha viloyatlarning viloyat byudjetlaridan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan moliyalashtiriladi:

Soliq qo‘mitasining hududiy organlarini saqlash xarajatlari (127,2 milliard so‘m), Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligining hududiy organlarini saqlash xarajatlari (2,5 milliard so‘m), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining viloyat, shahar va tumanlardagi Xalq qabulxonalarini saqlash xarajatlari (11,9 milliard so‘m), sud boshqaruvchilarining mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar (1,8 milliard so‘m).

Kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarni saqlash xarajatlari (220,7 milliard so‘m) viloyat byudjetidan moliyalashtiriladi.

 Respublika byudjetidan esa kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalarini va moddiy yordamlarni to‘lash(1 600 milliard so‘m), Ijtimoiy himoya milliy agentligining tizim tashkilotlarini (bolalar va mehribonlik uylari, voyaga yetmaganlar bilan ishlash sektorlari hamda oilaviy bolalar uylari) saqlash xarajatlari (48,6 milliard so‘m), irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalarini, shuningdek suv omborlaridan foydalanish boshqarmalarini saqlash xarajatlari (194,3 milliard so‘m) va mahallalarni nodavlat notijorat tashkilot va byudjetdan mablag‘ oluvchi sifatida saqlash xarajatlari (89,4 milliard so‘m so‘m) respublika byudjetidan moliyalashtirilishi belgilangan.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.