21 avgust kuni Umumxalq obodonlashtirish xayriya hashari o‘tkaziladi
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 12 avgustdagi farmoyishiga ko‘ra, davlatimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini nishonlashga munosib tayyorgarlik ko‘rish, “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori asosida obodonlashtirish oyligini tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mahallalarni obodonlashtirish” oyligi doirasida 21 avgust kuni Umumxalq obodonlashtirish xayriya hashari o‘tkaziladi.
Bu haqda Samarqand viloyati hokimining ham farmoyishi qabul qilindi.
Xayriya hashari munosabati bilan korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning ixtiyoriy mablag‘lari “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, shahar va tuman bo‘linmalarining bankdagi hisobvaraqlariga ularning yozma roziligi bilan o‘tkazilishi mumkin.