Surxondaryoda salkam 21 kilogramm marixuana saqlanayotgan xonadon aniqlandi
Bojxona organlari tomonidan yirik miqdordagi giyohvand moddalarning g‘ayriqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda Termiz shahrida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida fuqaro X.B. boshqaruvida bo‘lgan “Spark” rusumli avtomashina to‘xtatilib, belgilangan tartibda nazoratdan o‘tkazildi.
Natijada ushbu shaxsning egnidagi kiyimlari cho‘ntaklarida 14 dona qog‘oz parchalariga o‘ralgan 18,43 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro X.B.ning ko‘rsatmasiga asosan Termiz tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.Sh.ning xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv jarayonida hovli tomorqasida 1 tup nasha giyohvandlik o‘simligi paravarishlanayotganligi hamda yordamchi xo‘jalikda polietilen qoplar va gugurt kutilarida, umumiy og‘irligi 20 kilogramm 825 grammni tashkil etuvchi “marixuana” giyohvandlik vositasi saqlab kelinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Bojxona qo‘mitasining xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.