Kattaqo‘rg‘on tumanida marixuana yetishtirgan fuqaroga nisbatan jinoyat ish qo‘zg‘atildi

Joriy yilning 6 yanvar kuni Kattaqo‘rg‘on tumani IIB jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumandagi Moybuloq mahallasida yashovchi 1980 yilda tug‘ilgan fuqaro J.Q. o‘zining shubhali xatti-harakatlari bilan gumonlanib tuman IIB binosiga olib kelingan. Uning kiyimlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda egnida bo‘lgan qishki kurtkasining cho‘ntagidan rangsiz sellofan paketi ichiga solingan yashil rangli, o‘tkir hidli, quruq holdagi, taxminan og‘irligi 15 grammga teng "marixuana" giyohvandlik moddasini saqlab kelganligi aniqlangan. Ushbu modda daliliy ashyo sifatida olinib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

J.Q. bilan olib borilgan surishtiruv ishlar natijasida u "marixuana" giyohvandlik vositasini o‘zi ekib, parvarishlanligini ma’lum qilgan.

Samarqand viloyat IIB ekspert kriminalistika bo‘limining ma’lumotnomasida tadbir vaqtida olingan vositaning sof og‘irligi 14,51 grammga teng hamda ushbu modda "marixuana" giyohvand moddasi turiga kirishligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 276-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bu haqda IIV Jinoyatchilikka qarshi kurashish bosh boshqarmasining giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabar berdi.