22 yoshli qizning rasmlarini tarqatish bilan tahdid qilib pul talab qilgan yigit ushlandi

Urganch tumanida yashovchi M.A. ismli ayol 2020 yil 24 iyun kuni Xorazm viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

U o‘z arizasida 1998 yilda tug‘ilgan qizning intim rasmlarini qo‘lga kiritgan, Urganch tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro Sh.R. ijtimoiy tarmoqlar orqali ushbu rasmlarni tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, shu paytgacha 9 600 000 so‘m miqdorida pul va qimmatbaho uyali telefonini olgan bo‘lsa-da, yana 15 860 000 so‘m miqdoridagi pulni tovlamachilik yo‘li bilan talab qilayotganligini ma’lum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur murojaatni o‘rganish uchun Xorazm viloyati IIB JQB iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida Sh.R. talab qilingan summadagi pulni olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Yigitlik g‘ururini unutib, ayollarga nisbatan tovlamachilik qilgan ushbu shaxsga  nisbatan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deb xabar berdi Xorazm viloyati IIB axborot xizmati.