23 yoshli qiz 12 ming yevro grantni qo‘lga kiritdi. U daun sindromi bor bo‘lgan bolalarga ta’lim beradi

Hilola To‘xtamurodova “Dunyo sen bilan” nomli daun sindromi bor bo‘lgan bolalarni hunar o‘rganishlariga ko‘maklashuvchi ijtimoiy loyihasi uchun Yevropa Ittifoqining 12 ming yevro grantini qo‘lga kiritdi.
Gap shundaki, shu yilning 20-23 mart kunlari Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahrida tashkil etilgan xalqaro yoshlar festivalida Hilola daun sindromi bor bolalar bilan ishlashga qaratilgan ilmiy metodik qo‘llanmasi, shuningdek, mamlakatimizning 11 hududida 276 nafar “quyoshli bolalar”ga hunar o‘rgatgani haqida loyiha natijasi va tahlillarini xorijliklar bilan bo‘lishdi.
- Imkoniyati cheklangan bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish kerakligi haqida ko‘p gapiriladi. Ammo jamiyat ular bilan muloqotga qanchalik tayyorligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz, – deydi loyiha muallifi. – Aslida daun sindromi bor bolalar juda mehribon, sabrli va oqko‘ngil bo‘ladi. Hech qachon yolg‘on gapirmaydi, hammani birdek yaxshi ko‘radi. O‘z olamlarida yashashadi. Daun sindromi bilan tug‘ilgan bolalarda boshqa bolalarga nisbatan aqliy va jismoniy ortda qolish kuzatiladi. Ular o‘z oila a’zolariga o‘xshagani bilan yuz tuzilishi jihatidan farqlanadi. Kasallikni davolab bo‘lmasa-da, daun sindromi bilan tug‘ilgan bolaga maxsus jismoniy va aqliy muolajalarni o‘tkazib, uning rivojlanishini yaxshilash, jamiyatda o‘z o‘rni bo‘lishi uchun imkoniyat yaratib berish mumkin.
Yurtimizda bu kabi bolalar uchun ijtimoiy loyihalar tizimli ravishda tashkil etib kelinmoqda. O‘tgan yili BMTning Taraqqiyot dasturi ishtirokchilari o‘zbekistonlik daun sindromi bo‘lgan bolalar uchun mobil ilova ishlab chiqqani e’lon qilingan edi.
Bunday ilova ishlab chiqilishiga oilada “quyoshli bola” dunyoga kelgani bo‘lgan.
- Ukamiz tug‘ilganida bu diagnoz haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas edik. Ota-onam shok holatiga tushishgandi. Ularning tushkunlikni yengib o‘tishi juda qiyin kechdi. Shundan so‘ng singlim bilan «Sun Child», ya’ni «Quyosh-bola» mobil ilovasini ishlab chiqdik. Dasturni takomillashtirish va uni dunyo bo‘ylab foydalanishlari uchun chet tillarida ham ma’lumotlar to‘plab dastur qamrovini ommalashtirish maqsadidamiz, - deydi Hilola To‘xtamurodova.
Marjona Jo‘raqulova,
Respublika Yoshlar ittifoq sardori.