25 oktyabr – Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni: Vatanning fidoyi farzandlari
Bugungi kunda viloyat IIB xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasida 45 nafar xodim faoliyat olib bormoqda. Ular tomonidan viloyatimizdagi sayyohlik maskanlariga keluvchi mehmonlarning xavfsizligini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Boshqarma tomonidan 8 ta xorijiy davlatdan 13 ta delegatsiya a’zolarini kutib olish, xavfsizligini ta’minlash va kuzatish ishlari tashkil etilib, sayohat davomida ko‘ngilsiz holatlarga yo‘l qo‘yilmagan. Boshqarma xodimlariga 3625 nafar xorijlik va 3921 nafar mahalliy sayyoh tomonidan turli masalalarda murojaat qilingan. 1 nafar xorijiy sayyohga nisbatan sodir etilgan mol-mulkni talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyat boshqarma xodimlari tomonidan o‘z vaqtida, fosh etilgan.
- Ichki ishlar sohasida xavfsiz turizmni ta’minlash yo‘nalishida faoliyat olib borish ham maroqli, ham mashaqqatli, - deydi leytenant Manuchehr Kamolov. – Ko‘hna va hamisha navqiron shahrimizning diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilish uchun keladigan mahalliy va xorijlik sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash, ularning murojaatlarini tinglash hamda zarur yordam ko‘rsatish asosiy vazifamiz.
Sport – ichki ishlar organi xodimi uchun muhim
Viloyat ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar idoralari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan sportning shaxmat-shashka, mini futbol va stol tennisi turlari hamda amaliy o‘q otish bo‘yicha musobaqa g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mini futbol bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada Samarqand shahridagi harbiy qism xizmatchilaridan iborat “Lochin” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, maxsus kubokni qo‘lga kiritdi,
- Bu kabi musobaqalar xodimlarning jismoniy va jangovor tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qiladi, - deydi podpolkovnik Odiljon G‘ulomov. - Sport bilan muntazam shug‘ullanish ichki ishlar organi xodimi uchun juda muhim.
Katta bo‘lsam...
Samarqand tumanidagi Chorshanba mahallasida joylashgan 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabida har hafta juma kuni huquqbuzarliklarning oldini olish masalasiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkaziladi. Bu galgi tadbir “Kelajakda ichki ishlar organi xodimi bo‘laman!”, degan shior ostida o‘tkazildi.
- Bu kabi tadbirlar mahallamiz profilaktika inspektori Rustam Abdullayev ishtirokida o‘tkaziladi, - deydi maktab direktori Surayyo Normatova. – Bunday ishlar natijasi o‘laroq maktabimiz o‘quvchilari orasida tarbiyasi og‘ir va maxsus hisobda turadiganlar yo‘q. Bugungi tadbirda ham u kelajakda yurtimiz tinchligi yo‘lida xizmat qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ygan o‘quvchilarimizga ichki ishlar organi xodimi nimalarga e’tibor qaratishi lozimligini tushuntirdi.
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov (foto).