280 ta korxonaga 49,8 milliard so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilmadi
Samarqand tumanidagi “Kawsar agro eksport biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyati qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanadi. Dunyoda koronavirus pandemiyasi tarqalishi oqibatida korxona fevral oyidan buyon xorijga mahsulot eksport qilishda qator muammolarga duch keldi. Bu esa tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha 353,4 million so‘mlik muddati o‘tgan debitorlik qarzdorlik kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni korxona jamoasiga soliq to‘lovlari borasida imkoniyat yaratdi.
Boisi, farmon ijrosiga ko‘ra, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzdorlikka yo‘lga qo‘yilgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga nisbatan joriy yilning 1 oktyabrigacha jarima qo‘llanilmasligi belgilandi.
Shundan kelib chiqib, bugungi kunda “Kawsar agro eksport biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi viloyatdagi 280 ta korxonaning 315 ta shartnomasi bo‘yicha 49,8 milliard so‘m moliyaviy jarimalar qo‘llanilmadi.
Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.