3 ta yuk avtomashina ishtirokidagi mudhish YTHda 3 haydovchi vafot etgan
Kecha, 4 iyun kuni soat 05:00 da 63 yoshli A.R. boshqaruvida bo‘lgan “Sams” rusumli yuk avtomashinasini Pop tumani Qo‘shminor MFY hududidan o‘tuvchi “Toshkent-Osh” avtomobil yo‘lining 227-kilometrida boshqarib ketayotganida, tormoz tizimi ishlamay qolishi tufayli harakat xavfsizligini ta’minlay olmasdan, shu yo‘nalish bo‘yicha yo‘lning chetida to‘xtab turgan 26 yoshli A.G‘.ning boshqaruvida bo‘lgan “Isuzu” yuk avtomashinaga va 26 yoshli N.R.ning boshqaruvida bo‘lgan ikkinchi “Isuzu” yuk avtomashinaning orqa qismiga urilib, ag‘darilgan hamda “Sams” yuk avtomashinaning kabina qismida yong‘in yuzaga kelgan.
Oqibatda “Sams” yuk mashina haydovchisi A.R. va “Isuzu” yuk avtomashinadan birining haydovchisi A.G‘.lar hodisa joyida vafot etgan. Ikkinchi “Isuzu” rusumli yuk avtomashinaning haydovchisi N.R. shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.