3-tug‘ruq majmuasi vakillari karantin muddatini bilmaydimi yoki..?

Joriy yilning 27 mart kuni saytimizga kelib tushgan murojaat asosida «Samarqanddagi 3-tug‘ruqxona karantindan sog‘lom qaytgan ayolni nega qabul qilmadi?» sarlavha ostida maqola e’lon qilgandik. Unda ushbu tug‘ruq majmuasi Samarqand tumanidan to‘lg‘oq tutib kelgan ayolni qabul qilmagani haqida fikrlar berilib, mutasaddilardan javob kutilgandi.

Tug‘ruqxona mutasaddilaridan quyidagi mazmunda munosabat oldik.

«Haqiqatan ham Samarqand tumani, Ko‘lbaipoyon mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro M.To‘ychiyeva 25 mart kuni soat 12.00 da Samarqand shahar 3-tug‘ruq majmuasi qabul bo‘limiga murojaat qilgan. Ko‘rikdan o‘tkazilib, unga «Homiladorlik 2.40 haftasi. Tug‘ruq 2. Tug‘ruqning 1 davri» tashxisi qo‘yilgan. Ayolni olib kelgan qarindoshi Mehrangiz turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda Koreyadan kelganligi, “Bo‘ston” sanatoriysida 10 kun davomida karantinda bo‘lib, shundan keyin 4 kun uyda poliklinika vrachlari nazoratida bo‘lishi kerakligi aytilib, uyga yuborganini aytgan. Poliklinika nazorati yoki karantin kuzatuvi natijalari bo‘yicha hujjatlar taqdim etilmagan.

Karantin muddati hali tugamaganligi va tug‘ruq sodir bo‘lishiga bir necha soat muddat borligini hisobga olib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ko‘rsatmasiga asosan ayolni viloyat Perinatal markaziga yuborishga qaror qilingan. Viloyat Perinatal markazi vrachi bilan telefon orqali kelishgan holda, ayol qarindoshlari kuzatuvi ostida markazga yuborilgan.

Shu kuni ayol viloyat Perinatal markazida tuqqan. Chaqalog‘i  va o‘zining ahvoli qoniqarli.

Z.EGAMOV,

Samarqand shahridagi 3-son tug‘ruq majmuasi bosh vrachi».

Qiziq, negadir tug‘ruqxona mas’ullari Koreyadan kelgan samarqandlik oila 10 kun davomida “Bo‘ston” sanatoriysida karantin muddatini o‘taganligini yozishibdi. M.To‘ychiyeva bizga taqdim qilgan ma’lumotnomada esa ular 14 kun muddat karantinda bo‘lib, Samarqandga qaytgach, uch kundan so‘ng tug‘ruqxonaga kelishadi. Ajablanarlisi, ma’lumotnomaga zid fikrni tug‘ruqxona mas’ullari qayerdan olishdiykin? Umuman, bugun butun dunyo 14 kunlik karantin muddati haqida bilgani holda, ularning bu haqda bilmasliklari mumkinmi? Qolaversa, «bizdan karantin muddatini o‘taganligimiz haqida hech kim ma’lumotnoma so‘ragani ham yo‘q», deydi murojaatchi.

Tug‘ruqxona xodimlari bu munosabat orqali o‘z aybini xaspo‘shlamoqchimi yoki har qanday holatda ham haqmiz, demoqchimi?