3,5 milliard so‘mdan ko‘proq rangli metall parchalarini noqonuniy ravishda sotgan "uddaburon" ushlandi
Samarqand va Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyati Shirin shahrida rangli metall parchalarining noqonuniy oldi-sotdi savdosiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro rangli metall parchalarini “shartli xaridor"ga 3 mlrd. 576 mln. so‘mga sotishga kelishib, shundan 255,4 mln. so‘mni olib, avtomobilining yukxonasiga joylashtirgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Natijada, 4 ta yuk avtotransport vositalariga yuklangan hamda hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, og‘irli 44 tonna 700 kilogramm bo‘lgan rangli metall parchalari vaqtincha saqlovga olindi.
- Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda, - deyiladi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabarida.