438 gektar maydonda 452 mingta quyosh paneli
Kattaqo‘rg‘ondagi quyosh fotoelektr stansiyasida yiliga 500 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Yangi yil arafasida mamlakatimizda muhim yangilik – umumiy quvvati 2400 megavatt bo‘lgan oltita yirik quyosh hamda shamol stansiyalari tarmoqqa ulandi.
Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida uchta quyosh elektr stansiyasining birinchi bosqichi barpo etildi. Shuningdek, ushbu nufuzli kompaniya tomonidan Tomdi tumanida barpo etilayotgan zamonaviy shamol stansiyasining 100 megavatti ishga tushirildi. “Gezhouba” kompaniyasi bilan esa Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi quyosh stansiyalarining dastlabki 400 megavattli generatsiyasi boshlandi.
Jumladan, viloyatimiz hayotida tarixiy voqea Kattaqo‘rg‘on tumanida dunyoning 40 dan ortiq davlatida yirik quyosh, shamol elektr stansiyalarini qurib, boshqarib kelayotgan “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik loyiha amalga oshirildi. Hozirgacha qishloq xo‘jaligida ham foydalanib bo‘lmaydigan 438 gektar dashtlik yer maydonida yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning 2022 yil 14 yanvardagi “Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan fotoelektr stansiya tarmoqqa ulandi. Bu yerda 452 ming dona quyosh panellari o‘rnatildi.
- Mazkur stansiya to‘liq ishga tushirilgach, bu yerda yiliga 500 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, - deydi Samarqand davlat universiteti dotsenti Jalol Ro‘zimurodov. – Bu hajmdagi elektr energiyasi viloyatdagi 208 mingdan ortiq xonadonning bir yillik iste’moliga teng. Kattaqo‘rg‘on elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida yiliga 152 million kubometr tabiiy gaz tejaladi. Qolaversa, atmosferaga 200 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi. Tejalgan tabiiy gaz zaxirasi esa 63 mingdan ziyod xonadonning bir yillik iste’molini tashkil qiladi.
Ahamiyatli jihati, stansiyani qurish davomida 700 nafar ishchi mehnat qilgan bo‘lsa, loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, qo‘shimcha 30 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Eng e’tiborli jihati – ushbu barcha loyihalar davlat-xususiy sheriklik asosida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirildi. Bu mablag‘lar beiz ketmaydi. Xonadonlarga yorug‘lik, yangi sanoat korxonalari va iqtisodiyotga esa qayta tiklanuvchi beminnat quvvat bo‘lib qaytadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.