50 ta qishloq aholisi davlat xizmatlarini pochta bo‘limidan oladi

Payariq tumanining aksariyat aholisi tuman markazidan olis va chekka hududda joylashgan. Yaqinda Payariq pochta aloqa bog‘lamasiga qarashli Tepa aloqa bo‘limi faoliyat boshladi. E’tiborlisi, endilikda “G‘allakor”, “Ko‘lto‘sin” va “Nakurt” mahalla fuqarolar yig‘inlariga qarashli 50 ga yaqin qishloq odamlariga davlat xizmatlari ushbu aloqa bo‘limida ko‘rsatiladi.

Yaratilgan mazkur qulaylik natijasida fuqarolar STIR aniqlash, tug‘ilganlik haqida ma’lumotnoma, pensiya haqida, doimiy (vaqtincha) yashash joyi bo‘yicha ma’lumot olish, farzandlarini maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish uchun ariza berish va qabul qilish navbatini tekshirish singari 18 turdagi davlat xizmatlarini tuman markaziga bormasdan mazkur bo‘limda olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bunday qulaylik tumanning boshqa hududlarida ham yo‘lga qo‘yiladi.

Akmal Turabov,
DXA viloyat boshqarmasi tashkiliy-tahlil bo‘limi bosh maslahatchisi.