86 yoshli otaxon Samarqandda birinchi bo‘lib koronavirusga qarshi emlandi
Samarqand shahridagi 4-son oilaviy poliklinikada koronavirusga qarshi emlash jarayonining ilk bosqichi boshlandi. Hozircha Samarqand shahrida boshlangan emlash kunlari 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi qamrab olinishi rejalashtirilgan.
Emlanayotganlar avval ko‘rik xonasiga kirib, sog‘ligi to‘liq nazoratdan o‘tkazildi, keyin emlash xonasida koronavirusga qarshi emlash amalga oshirilib, keyingi – kuzatuv xonasiga olib kirildi.
- O‘tgan yili koronavirus xastaligiga chalindim, - deydi Bog‘bon mahallasida istiqomat qiluvchi 86 yoshli Tolib bobo Murodov. – Yengil o‘tkazdim, shuning uchun uyda davolandim. Poliklinika shifokorlari sog‘ligimni nazorat qilib turishdi. Virusga qarshi vaksina olishga birinchilardan bo‘lib keldim.
- Poliklinikamizda bir kunda 50 nafarga yaqin aholini emlash uchun sharoitimiz bor, - deydi 4-son oilaviy poliklinika bosh vrachi o‘rinbosari Saodat Akramova. – Hududimizda 4 511 nafar 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi ro‘yxatga olingan. Moneligi bo‘lmagan, ya’ni isitma qilmayotgan, surunkali xastaligi xuruj qilmagan, allergik reaksiya kuzatilmagan fuqarolargina emlanishi mumkin. Ko‘rik xonasida har bir fuqaro to‘liq vrach nazoratidan o‘tgachgina emlash xonasiga olib kiriladi.
- Ayni paytda viloyatda bitta markaziy, 16 ta hududiy tuman (shahar) vaksina saqlash omborxonalari, ulardagi sovutkichlar, elektrogeneratorlar, termosumkalar va termokonteynerlar shay holatga keltirildi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Zayniyev. - Emlash ishlarini amalga oshirish uchun 411 ta emlash punktlariga 180 ta qo‘shimcha xona va 186 ta harakatdagi brigadalar tashkil etildi. Sog‘liqni saqlashning birlamchi tibbiy bo‘g‘ini xodimlari, emlash jarayonida qatnashadigan 367 nafar vrach hamda 724 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari maxsus dastur bo‘yicha o‘qitildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, viloyatga COVAX dasturi asosida Hindistonda ishlab chiqilgan 69 ming dona «Kovishild» vaksinasi keltirildi. Shuningdek, Xitoyning Ayhui Zhifei Longcom kompaniyasi va o‘zbek olimlari bilan birgalikda ishlab chiqarilgan 65 200 dona yangi rekombinat ZF-UZ-VAK 2001 vaksinasi mavjud.
Viloyatda birinchi bosqichda emlanadiganlar 65 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lgan jami qariyalar 118 ming 856 nafar, keksalar, ya’ni 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lgan aholi 38 ming 904 nafar, 85 yoshdan yuqori, ya’ni uzoq umr ko‘ruvchilar 10 ming 458 nafarni tashkil qiladi.
Gulruh Mo‘minova.