9 oy davomida 2,6 mln kishi respublikadan tashqariga ishga chiqib ketgan

O‘zbekistonda 2019 yilning yanvar-sentyabr oylarida ishsizlik darajasi 8,9 foizni tashkil etdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy axborotida aytilmoqda.

Joriy yilning sentyabr oyida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi respublikamizning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so‘rovni o‘tkazdi. Unda 485 ta fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo‘jaliklari hamda 26 008 nafar fuqaro qamrab olindi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholining 8,9 foizini tashkil etgan. 2018 yilning mos davriga nisbatan esa ishsizlik darajasi 0,1 foizga pasaygan. Ishsizlikning eng yuqori darajasi Surxondaryo viloyatida kuzatilgan (9,3%), Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida 9,2 foizni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkich esa Toshkent shahrida(7,5%) kuzatildi. Ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 337,5 ming kishini tashkil etgan. 16-29 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 14,9 foizni, ayollar o‘rtasida ishsizlik darajasi 12,5 foizni ko‘rsatgan.

2019 yilning yanvar-sentyabr oylarida mehnat resurslari soni 18 855,5 ming kishini tashkil etgan. Taqqoslash uchun: mazkur ko‘rsatkich 2019 yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 100,1 foizga ko‘p. So‘nggi yillarda birinchi marta ixtiyoriy tarzda band bo‘lmaganlar sonining 205,0 mingga (27,9%) kamaygani evaziga iqtisodiy nofaol aholi sonining 4 039,6 ming (95,9%) nafargacha pasayishiga erishildi. Bu aholining mehnat va tadbirkorlik faolligi oshganligidan dalolat beradi.

Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13 608,4 ming kishiga yetdi. Bu 2019 yilning yanvar-iyun oylari bilan solishtirganda, 101,5 foizga ko‘pdir.

2019 yilda istiqlolga erishganimizdan beri ilk bor rasmiy sektorda band aholi soni ortdi. Uning ko‘rsatkichi 9 oy davomida 307,9 ming (101,7%)ni tashkil etib, 5 691,2 mingga kishiga yetdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra Respubltkadan tashqariga ishga ketganlar soni 2 611,2 ming kishini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda, 100,7%ga teng.

2019 yilning yanvar-sentyabr oylarida aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida tuman(shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 595 707 fuqaro ish topishga yordam so‘rab murojaat qilgan. (ular orasida 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 213 707 nafarni tashkil etgan). Murojaatchilarning 267 470 nafari ish bilan ta’minlandi, 216 778 kishi jamoat ishlariga jalb qilindi. 30 645 nafar fuqaro kasbga o‘qitishga jalb qilingan bo‘lsa, 47 960 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadigan yangi xizmat turiga ehtiyoj paydo bo‘layotgani sababli Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi fuqarolarga moddiy yordam shaklida Davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya va grantlar taqdim etishni yo‘lga qo‘ydi. Xususan 10 666 nafar ishsizga 8,9 mlrd. so‘m miqdorda subsidiyalar, shuningdek ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitayotgani uchun ish beruvchilarga ham shu turdagi moddiy rag‘bat ko‘rsatilgan.

Yana 8,5 mingdan ortiq o‘zini-o‘zi ish bilan ta’minlagan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berildi. Bu ularga ish stajini hisobga olish va pensiya olishga imkon beradi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat resurslari miqdori va sifatini har tomonlama tahlil qilish, sifatli va ob’yektiv baholash, shuningdek aholini ish bilan ta’minlash va bandligini oshirish maqsadida mehnat bozorini o‘rganishda davom etadi.