9-sinf o‘quvchisini urgan IIB xodimlariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlandi
Internetda tarqalgan organ xodimlari maktab o‘quvchisini urib, bo‘yniga o‘g‘rilik jinoyati qo‘ymoqchi bo‘lganligiga oid xabarlar o‘rganilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 2019 yil 12 noyabr kuni G‘ijduvon tumani Sho‘rcha qishlog‘ida yashovchi M.Fozilova tuman prokuraturasiga o‘g‘li F.Toshpo‘latovni maktabda (31-maktab) bo‘lgan vaqtida o‘zlarini G‘ijduvon tumani IIB xodimi deb tanishtirgan «Murod» va «Laziz» ismli shaxslar maktab direktori xonasidan olib ketib, suv nasosi va tikuv mashinasini o‘g‘irlaganligini bo‘yniga olishni talab qilib, yuz qismiga urgani, nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganligini og‘zaki ravishda bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan M.Fozilova ariza yozishdan bosh tortib, murojaatini Bosh prokuratura ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib qoldirganligini va o‘g‘li F.Toshpo‘latovni sud-tibbiy ekspertizadan o‘tishi uchun qaror berishni so‘rab, tushuntirish xati yozib bergan.
Voyaga yetmagan F.Toshpo‘latovning tanasida jarohatlar mavjud yoki mavjud emasligiga baho berish uchun 2019 yil 12 noyabrda sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.
Shu kunning o‘zida M.Fozilovaning og‘zaki murojaati tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, G‘ijduvon tumani Sho‘rcha qishlog‘ida yashovchi A.Toshpo‘latov Bosh prokuraturaning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilib, voyaga yetmagan, 2004 yilda tug‘ilgan ukasi F.Toshpo‘latovni 2019 yil 12 noyabr kuni G‘ijduvon tuman IIO FMB 1-son IIB JQB tezkor vakillari M.Sharipov va L.Naimovlar urib tan jarohati yetkazganligi haqidagi murojaati 2019 yil 18 noyabrda tuman prokuraturasiga kelib tushgan.
Tergovga qadar tekshiruvda 2019 yil 6 noyabr kuni Sho‘rcha qishlog‘ida yashovchi D.Raupovaning uyida noma’lum shaxs tomonidan o‘g‘irlik jinoyati sodir etilganligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha IIO FMB surishtiruvchisining yozma topshirig‘iga asosan 2019 yil 12 noyabr kuni G‘ijduvon tumani IIO FMB 1-IIB JQB tezkor vakillari M.Sharipov va L.Naimovlar tumandagi 31-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi F.Toshpo‘latovni 1-IIBga olib kelib, pedagog-o‘qituvchi ishtirokisiz suhbat olib borilganligi va IIB binosiga kelgan fuqarolarning kirish-chiqishlarini qayd qilish daftarida ham pedagog-o‘qituvchining ro‘yxatdan o‘tmaganligi hamda voyaga yetmagan F.Toshpo‘latov va o‘qituvchisidan tushuntirish xati olinmaganligi aniqlangan.
Tuman prokuraturasi tomonidan 2019 yil 26 noyabrda G‘ijduvon tumani IIO FMB 1-IIB JQB tezkor vakili M.Sharipovga nisbatan intizomiy javobgarlikka doir ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun viloyat IIBga yuborilgan.
Shuningdek, M.Sharipov va L.Naimovlarning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanib, viloyat IIBga yuborilgan.
Mazkur holat yuzasidan G‘ijduvon tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.