​​Abituriyentlarga qanday sharoit yaratilmoqda?

Bugun Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish test sinovlarini o‘tkazish uchun belgilangan hududlarda olib borilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

Samarqandda 2020/2021 o‘quv yilida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish imtihonlari yettita ochiq maydonda, ya’ni Samarqand tumani Konigil mahallasi hududidagi sportning eshkak eshish turi bo‘yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar olimpiya zaxiralari maktabining 4 ta hududi, Samarqand shahridagi Depo ko‘chasida joylashgan «Lokomotiv», Kimyogarlar shaharchasidagi “Nurafshon” hamda Sartepa maskanidagi 2-bolalar va o‘smirlar sport maktabi futbol stadionlarida o‘tkazilishi belgilandi. Test sinovlari 2 sentyabrdan boshlab, ikki smenada o‘tkazilishi nazarda tutilgan. Bir kunda 12 ming 280 kishi imtihon topshiradi. Test sinovlarini 11 kunda yakunlash rejalashtirilmoqda.

Test sinovlarida Samarqand viloyatida 132 ming nafardan ortiq abituriyent ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. Hududlarda abituriyentlarni test sinovlariga olib kelish, yashash joylariga olib borib qo‘yish uchun maxsus avtobuslar ajratiladi. Imtihon jarayonlarni onlayn translyasiya qilinadi. Kuzatish istagida bo‘lgan ota-onalar uchun sharoit yaratiladi.

Ayni kunlarda test sinovlarini o‘tkazish uchun belgilangan hududlarda tayyorgarlik ishlari deyarli yakuniga yetkazildi. Barcha hududlarda zaruriy jihozlar, kerakli miqdorda videokuzatuv qurilmalari, shaxsni identifikatsiya qilish uskunalari o‘rnatilib, sinovdan o‘tkazilmoqda.

Mazkur hududlarda olib borilayotgan ishlar, abituriyentlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan tanishish jarayonida Erkinjon Turdimov mas’ullarga kirish imtihonlarini karantin talablariga qat’iy amal qilgan holda shaffof o‘tkazish borasida barcha tashkiliy choralarni ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berdi. Jumladan, dezinfeksion va kirish-chiqish yo‘laklari, kuzatuv moslamalarini belgilangan me’yorlarga muvofiq o‘rnatish kerakligi, tibbiyot xodimlari uchun alohida o‘rinlar tayyorlash, jarayonga jalb etiluvchi xodimlar soya-salqin joylarda ovqatlanishi uchun joy ajratilishini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, jarayon tinch va osuda hamda shaffof o‘tishi yuzasidan o‘z fikr va mulohazalari bildirdi.

Shu bilan bir qatorda viloyat hokimi Samarqand davlat universiteti jismoniy madaniyat fakulteti sport kompleksida Covid-19 bilan kasallanganlar uchun tayyorlanayotgan 500 o‘rinli vaqtinchalik shifoxonada olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishdi. Mazkur davolash maskanida davolanuvchilar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish borasida zaruriy ko‘rsatmalar berdi.