Aerogeodeziya yerning topografik xaritasini tuzishda muhim jarayon

2020 yil 2 iyulda “Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun respublikamizda geodeziya va kartografiya faoliyatining asosiy tamoyillari va sohani davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risidagi normalarni o‘z ichiga olgan. Xo‘sh, mazkur qonun qabul qilinishiga qanchalik ehtiyoj bor edi va endi geodeziya sohasida nimalar o‘zgaradi? Samarqand aerogeodeziya korxonasi boshlig‘i Ravshan HOTAMOVga shu kabi savollar bilan murojaat qildik? 

- Geodeziya qanday soha ekanligini ko‘pchilik to‘liq anglab yetmaydi va bilganlar ham yer o‘lchovchi tashkilotlaridan biri deb o‘ylaydi, - deydi R.Hotamov. - Qaysidir ma’noda bu ham to‘g‘ri. Lekin geodeziya sohasi barcha qurilish ishlarida, konlarning geodinamik tadqiqotlarida va topografik xaritalar, nivelir balandlik to‘rlari yaratishda, katta va kichik masshtabli s’yomka ishlarini bajarishdagi jarayonlarda xizmat qiladi. Davlat rejali va balandlik to‘rlarini ishchi holatda saqlab turish, mavjud triangulyasiya punktlarining saqlanishini nazorat qilish, geodeziya va kartografiya faoliyatining tizimliligi va uzluksizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. 

Sohaning muhimligini hisobga olib 1997 yil 25 aprelda  geodeziya sohasidagi dastlabki qonun qabul qilingan va 23 yil davomida deyarli o‘zgartirish kiritilmagan. Geodeziya va kartografiya sohasidagi o‘zgarishlar, yangi geoinnovatsion loyihalarning kirib kelishi va geofazoviy ma’lumotlarni geoaxborot tizimlaridan foydalangan holda o‘rganish, yaratish, ulardan foydalanish jarayonidagi munosabatlar, geodeziya o‘lchovlarining yagonaligini ta’minlash, davlat kadastri tizimidagi munosabatlar, litsenziyalash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishda yangi tahrirdagi qonunga ehtiyoj sezildi. Shu bois, 2020 yil 2 iyulda “Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Qonun sohadagi munosabatlarni tartibga solib, bir qancha noaniqliklar, faoliyat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi talablar,  hozirgi zamon talabiga javob bermaydigan nomutanosibliklarni bartaraf etadi. 2020 yil 2 oktyabrdan kuchga kirgan mazkur qonun bilan tadbirkorlar va davlat tashkilotlari tomonidan yaratilgan mahsulotlarga mualliflik huquqi o‘rnatiladi. Geodeziya va kartografiya  faoliyatini amalga oshirishning mustahkam huquqiy asosi yaratiladi va raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda ishlarni yuqori ilmiy-texnik darajada bajarishga erishiladi.

- Viloyatimizda aerogeodeziya sohasidagi ishlar qachondan boshlangan va hozirda qanday xizmatlar ko‘rsatiladi?

- Hozirda respublikamizda aerogeodeziya sohasida faoliyat yurituvchi 2 ta korxona  bor va Samarqand aerogeodeziya korxonasi eng muhim mintaqaviy korxonalardan biri hisoblanadi. Korxonaga 1953-1954 yillarda asos solingan va biz barcha turdagi geodeziya-kartografiya yo‘nalishlarda faoliyat olib boramiz. Shuningdek, korxonamizda turli masshtabdagi topos’yomkalar, 1:500 dan  1:100 000 gacha bo‘lgan masshtabdagi raqamli topografik reja va xaritalarni yangilash va yaratish, davlat geodeziya sun’iy yo‘ldosh tarmoqlarini yaratish, davlat nivelirlash to‘rlarini barpo etish va yangilash, raqamli ortofotorejalar yaratish, aero va kosmik suratlarini qayta ishlash, davlat chegaralarini delimitatsiya-demarkatsiya qilishda topogeodezik ishlar, geodinamik tadqiqotlar, muhandislik geodeziya qidiruv ishlari o‘tkaziladi. 

- Hozirda barcha sohalarga innovatsion texnologiyalar joriy etilmoqda. Geodeziya sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

- Geodeziya va kartografiyaning barcha sohalarida, xususan, geologiya, qishloq xo‘jaligi, qurilish, aviatsiya, mudofaa va xavfsizlik, xalq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida tutgan o‘rni juda muhim hisoblanadi. Keyingi yillarda sohaga innovatsion texnika va texnologiyalarning joriy etilishi ishlab chiqarish jarayonlarida ijobiy natija bermoqda. 

Jumladan, respublikamizda 50 dona doimiy faoliyatdagi sun’iy yo‘ldosh tizimida ishlovchi geodezik punktlar, raqamli kartografiya, elektron geodezik o‘lchov asboblari, zamonaviy dasturiy ta’minotlarning tatbiq etilishi ishlab chiqarish samaradorligini bir necha barobar oshirdi. Shuningdek, kartografik-geodezik mahsulotlar va ma’lumotlarning aholi tomonidan qulay tarzda foydalanilishiga imkon yaratadi.

- Geodeziya sohasi uchun mutaxasssislar tayyorlash va malakasini oshirish ishlari qanday tashkil etilgan? 

-  Sohani rivojlantirishning ustuvor talablaridan biri bu kadrlar masalasi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, geodeziya va kartografiya yo‘nalishida ham kun sayin yangi o‘zgarishlar, zamonaviy texnika va texnologiyalar rivojlanib bormoqda.   Yangicha fikrlaydigan, innovatsion texnika va  texnologiyalarni tezda o‘zlashtiradigan, zamonaviy kadrlarni tayyorlash Samarqand aerogeodeziya korxonasining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Buning uchun Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti bilan bir necha yillardan buyon hamkorlik qilib kelinmoqda. Respublikamizda geodeziya va kartografiya yo‘nalishida mutaxassislarning malakasini oshirish va zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan tanishtirib borish maqsadida korxonada o‘quv markazini tashkil etish ham rejalashtirilgan.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV suhbatlashdi.