Afg‘oniston elektr energiyasiz qolishi mumkin

Afg‘oniston iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘rtta qo‘shni davlatga taxminan 62 million dollar to‘lashi kerak. Bu ma’lumotlarni kecha, 4 oktyabr kuni TOLO News telekanali Afg‘onistonning DABS energetik korporatsiyasi ma’lumotiga tayanib ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, DABS qarzni to‘lashni va’da qilgan holda respublikaga elektr energiyasi yetkazib beradigan mamlakatlar - O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston va Erondan elektr energiyasini o‘chirmaslikni so‘rab murojaat qilgan.

Shuningdek, afg‘on korporatsiyasi BMT missiyasiga Afg‘onistonga qarzni to‘lashi haqidagi murojaatlarida ko‘mak berishni so‘ragan.

"Kompaniyaga yordam berishdan bosh tortgan taqdirda, garchi imkoni bo‘lmasa-da, qarzdor afg‘onlarga bosim o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Aks holda mamlakat zulmatga botadi", deyildi telekanalda.

Avvalroq Afg‘oniston Islom banki ijrochi direktori Sayid Musa Kalim al-Falaxi mamlakat moliyaviy inqiroz arafasida ekanligini, iqtisodiyoti tashqi yordamga juda bog‘liqligini aytgan edi.