Aholiga davlat hisobidan ko‘rsatiladigan tibbiy yordam ro‘yxati ishlab chiqiladi
Hukumat qarori (832-son, 30.09.2019 y.) bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" telegram kanalida ma’lum qilindi.
Nizomga muvofiq, Ro‘yxat har yili Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli moliya va rejali davr uchun Davlat byudjeti parametrlari tasdiqlangandan keyin 15 kundan kechikmay ishlab chiqiladi.
Ro‘yxat tibbiy yordamning quyidagi turlari bo‘yicha shakllantiriladi:
- shoshilinch tibbiy yordam;
- rejali (shu jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya) yordam;
- ixtisoslashgan (shu jumladan, yuqori texnologik) tibbiy yordam;
- palliativ tibbiy yordam.
Ro‘yxatga tibbiy xizmatlarning aniq turlari, shu jumladan, dori-darmonlar, sarflash materiallari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash kiritiladi.
Ro‘yxat tibbiy xizmatlar turlari va hajmlari belgilab olingan holda tibbiyot tashkilotlari darajasi bo‘yicha shakllantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, respublikada muqim yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet el fuqarolari tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lganda asoslantirilgan murojaatlar bilan Ro‘yxatga kiritilgan tibbiy yordamni olish huquqiga ega bo‘ladi.