Aholining 88 foizi Prezident saylovida ishtirok etish uchun tayyorligini bildirdi
“Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi «O‘zbekiston: saylov – 2021» mavzusidagi jamoatchilik fikri telefon so‘rovlarining uchinchi bosqichini o‘tkazdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 24 oktyabr kuni bo‘ladigan saylovi munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolarining elektoral xulq-atvori xususiyatlari aniqlandi. O‘zbekistonliklarning elektoral nuqtai nazarlari, ularning ovoz berishda ishtirok etishga tayyorligi va mamlakat siyosiy hayotiga jalb etilganligi darajasi o‘rganildi. So‘rovda mamlakatning turli mintaqalarida yashovchi fuqarolar, shaharliklar va qishloqdagilar, erkaklar va ayollar, turli millat va ijtimoiy qatlamlar vakillari, iqtisodiyotning davlat va xususiy sektorlarida band bo‘lganlar, yoshlar va o‘rta hamda katta yoshdagi kishilar ishtirok etdilar.
Tadqiqotning aniqlashicha, so‘rov ishtirokchilarining ko‘pchiligi 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tishi haqida xabardordir.
Saylovoldi kampaniyasining borishi haqidagi axborotning eng talabgir manbasi O‘zbekiston davlat televideniyesi hisoblanadi (66,8 %). Qariyb har ikkinchi (48,1 %) respondent axborot olish uchun (ijtimoiy tarmoqlar, ijtimoiy tarmoq elementlariga ega bo‘lgan ilovalar, krossplatformali messenjerlar, masalan, Telegramni inobatga olgan holda) Internetdan foydalanadi.
O‘tkazilgan telefon so‘rovi O‘zbekiston Prezidentligiga bo‘lajak saylovda aholining ishtirok etishga tayyorligi bo‘yicha yuqori darajani qayd qildi (88,2 %). Bu aholining fuqarolar tomonidan saylovning ijtimoiy-siyosiy muhimligini chuqur anglashda (86,3 %), har bir saylovchining ishtirok etishi ovoz berish natijalariga ta’sir qilishi mumkinligiga bo‘lgan ishonchda namoyon bo‘layotgan yetarlicha yorqin elektoral madaniyati haqida dalolat beradi. Deyarli barcha yosh toifasidagi fuqarolar ovoz berishda ishtirok etishning zaruriyatini anglaydilar va unda ishtirok etishni o‘zlari uchun “juda muhim”, deb hisoblaydi.
Umuman olganda, o‘tkazilgan jamoatchilik fikri so‘rovlari shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik fikrida bo‘lajak Prezident saylovlari davlat, jamiyat va har bir fuqaro hayotida muhim siyosiy voqea ekanligini anglash va his qilish ustuvorlik qiladi. Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlar va saylovoldi kampaniyasining borishini katta qiziqish bilan kuzatmoqdalar hamda bo‘lajak saylovlar ochiqlik, oshkoralik, ob’yektivlik va haqqoniylik kabi demokratik tamoyillar asosida yuqori siyosiy-huquqiy va tashkiliy darajada o‘tishiga ishonch bildirmoqda.