Aliment to‘lamagan 330 kishi ma’muriy javobgarlikka tortildi

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limlariga yil boshidan buyon kelib tushgan 12 ming 300 dan ortiq murojaatlarning 6400 tasi aliment undirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan bo‘ldi.

Ushbu murojaatlarning 3880 tasi qanoatlantirilib, 3532 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi. Qarzdorlardan 3,2 milliard so‘m aliment mablag‘lari majburiy ravishda undirilishi ta’minlandi.

Bugungi kunda viloyatimizda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilishi doimiy ravishda o‘rganilib, aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqilgan. Aliment undirishga oid ijro hujjatlari ijrosini o‘rganish bo‘yicha davlat ijrochilaridan iborat tarkibda ishchi guruh tuzilgan.
Shu paytgacha 7750 ta aliment ishi bo‘yicha qarzdor va undiruvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, 1190 oila yarashtirildi, 700 nafarga yaqin qarzdorlar ishga joylashtirildi. 15,3 milliard so‘m pul mablag‘lari undirib berildi. Aliment to‘lovchilarning mas’uliyatini oshirish maqsadida 330 nafar qarzdorlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasi bo‘yicha 2507 ta aliment undirish haqidagi ijro hujjatlari tamomlandi. Muhimi, aliment to‘lovi bilan bog‘liq qonunchilik va mavjud tartiblarning takomillashtirilishi natijasida aliment pullarini bir yo‘la to‘lovchilar yoki aliment to‘lovchi va unduruvchining kelishuvi asosida masalani ijobiy hal etish ko‘rsatkichlari ko‘paydi.

Uchqun BUTUNOV,
Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.