Alimentdan qarzdor ota farzandi ta’minotini o‘ylab, 19 million so‘m to‘lab berdi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qarori bilan fuqaro Shuhrat Ziyayevdan undiruvchi Madina Salohiddinovaning bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish borish belgilangan.
Bu holat bo‘yicha Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi tomonidan ijro ishi yuritilgan. Bir yil mobaynida Sh.Ziyayev aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelayotgan edi.
Bugungi og‘ir sharoitda muqim daromadi bo‘lmagan, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash naqadar muhim ekanligini inobatga olgan holda MIBning Samarqand shahar bo‘limi xodimlari tomonidan tushuntirish va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan, qarzdor Sh.Ziyayev bilan ham atroflicha suhbat va tushuntirish ishlari o‘tkazilib, bugungi sinov kunlarida farzandlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash har bir otaning burchi ekani yotig‘i bilan tushuntirildi.
Bunday maslahat va suhbatdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargan qarzdor ota shu kuni farzandi ta’minotini o‘ylab 19 million so‘m pulni to‘lab berdi.
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi.