Alisher ShODMONOV: Har bir mutasaddi vaziyatga ota-ona ko‘zi bilan qarashi kerak

Ayni kunlarda maktablarda yangi o‘quv yilini boshlash masalasi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sinflarda ijtimoiy masofani saqlash, qo‘l yuvishga yetarli sharoit yaratish, niqob taqishni nazorat qilish, respirator kasalliklar alomati borlarni ertalabki filtr jarayonida alohida tekshiruvdan o‘tkazish, dars mobaynida aniqlangan bemorlarni izolyasiya qilish, hojatxonalarni sanitariya talablariga moslashtirish, oshxonalarda gigiyena talablarini ta’minlash, surunkali kasalligi bor va nogironligi bor bolalarga alohida yondashuv singari muhim jihatlarga e’tibor berish, ayniqsa, ahamiyatli.

Hozirda mamlakatimizda  “COVID-19”ga chalingan jami 41 994 nafar bemordan qariyb to‘rt ming nafariga yaqinini bolalar tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichning aksariyat qismi mamlakatimizda karantin e’lon qilingan  hamda xalq ta’limi muassasalari faoliyat yuritmagan davrga to‘g‘ri keladi.

Mavjud vaziyatda, eng avvalo, maktablarning zarur talablarga javob berishi o‘ta muhim.

Bu vaziyatda quyidagi omillarni hisobga olish va ularni o‘quv yili boshlangunga qadar bartaraf etish zarur:

- ta’lim muassasalarining ba’zilari  ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganligi;

- maktab oshxonalari hamda hojatxonalarining sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq  javob bermasligi;

- maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xizmat qiladigan xodimlarning va ota-onalarning xizmatdan tashqari vaqtlarida turli jamoat joylari (bozor, magazin, avtobus, qarindoshlar, qo‘shnilar)da bo‘lishlari;

- ushbu yoshdagi bolalarni kun davomida maktab hududida ijtimoiy masofani saqlay olishini ta’minlash;

- bolalarda koronavirus ko‘p holatlarda yengil yoki klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechsa ham, ular ushbu virusning asosiy tarqatuvchilaridan biri bo‘lishlari  va ular o‘z oilalaridagi kattalarga, ayniqsa, xavf ostidagi guruhlardagi qarindoshlariga yuqtirishi va aholi o‘rtasida kasallikning ko‘payishiga olib kelishi mumkinligini e’tiborga olish kerak.

Xalqimiz kelajagi bo‘lmish yosh avlodning sog‘lig‘i haqida qayg‘urish tibbiyot tizimi vakillarining asosiy vazifalaridan biri:

Koronavirus bolalarda yengil o‘tishi bu ehtiyotkorlikni unutish, degani emas. Chunki bir qator mamlakatlardagi holat buning aksini ko‘rsatmoqda. Har birimizning farzandlarimiz, nabiralarimiz bor. Bolalar sog‘lig‘i haqida gap ketganda, ularning o‘rniga o‘z bolamizni qo‘yib ko‘raylik. Shuning uchun maktablarga biriktirilgan 10 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlaridan, pedagoglardan, mahalliy hokimiyat vakillaridan vaziyatga ota yoki ona ko‘zi bilan qarashlarini so‘rardim.

Yangi o‘quv yili oldidan barcha ota-onalar va pedagoglar bu jarayonga mas’uliyat bilan yondashishlarini so‘raymiz. Farzandlarimiz xavfsizligiga javobgar ekanligimizni aslo unutmaylik.