Alkogolning tomchisi miya hujayrasini o‘ldiradi
Har qanday alkogolning bir tomchisi ham miyaning kulrang moddasi hajmini kamaytiradi... Oksford universiteti tadqiqotchilari ana shunday qo‘rqinchli kashfiyot qildilar.
Gap shundaki, kulrang modda markaziy asab tizimida muhim rol o‘ynaydi. U olingan ma’lumotlarni qayta ishlash va uzatishni ta’minlaydi. Oldingi tadqiqotlarda har kuni bir stakan qizil vino ichish diabet, osteoporoz, Alsgeymer va yurak kasalliklarini oldini oladi, deb ta’kidlangan edi. Bundan ruhlangan odamlar zudlik bilan vino ichishga xuruj qo‘ydilar. Ammo Oksford olimlari bu aldamchi tasavvurlar ekanligini aniqlashdi.
Doktor Anya Topivala “Gardian” gazetasiga bergan intervyusida alkogol miyaning alohida elementlariga emas, butun o‘ziga ta’sir o‘tkazishini aytdi.
“Biz alkogol iste’mol qilish va miya holatini yomonlashuvi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini aniqladik”, deydi u.
25 378 kishi ustida olib borilgan tadqiqotlar spirtli ichimlik, chekish miya hujayralarini asta-sekin o‘ldirib, insonni erta qarishi, har xil kasalliklarga moyilligini oshirishini isbotladi. Kanadaning Viktoriya universiteti tadqiqotchilari bu farazlarga yanada aniqlik kiritdilar: xavfsiz deb hisoblangan dozada spirtli ichimlik ichib turuvchilar ertami-kechmi o‘z hayotini xavf ostida qoldirishar ekan: bu oxir-oqibat yo shifoxonaga, hatto o‘limga olib keladi.
“Mir novostey” (2021 y, 22-son) haftanomasidan T.Shomurodov tayyorladi.