“Allo, menga gaz ballon kerak...”. Yilning o‘tgan choragida shunday mazmunda 839 ta murojaat qilingan

Bu murojaatlar ijrosi qanday bajarilgan? Bu fuqarolarga gaz ballon vaqtida yetkazilganmi?

2021 yilning birinchi choragida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filialining murojaatlar bilan ishlash bo‘limiga Prezident virtual qabulxonasi, Xalq qabulxonasi, “Hududgazta’minot” AJ "Ishonch telefoni" va boshqa manbalar orqali 839 ta maishiy gaz ballon so‘ralgan murojaatlar kelib tushgan.

Ularning 547 tasi qanoatlantirilib, 292 tasiga mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Fuqarolardan kelib tushgan har bir murojaat filial tomonidan qattiq nazoratga olinadi va qonun doirasida ijobiy hal etishga harakat qilinadi. O‘tgan chorak davomida viloyatda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligi 40-45 kunni tashkil etdi. Ammo shunga qaramay, maishiy gaz ballon so‘rab murojaat qilganlar soni ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

- Aholidan maishiy gaz ballon so‘rab qilingan murojaatlarni o‘rganish chog‘ida ularning ko‘pchiligi uylarida bo‘lmaganligi sababli, maishiy gaz ballonlarini almashtirib qolisholmaganini ta’kidlashadi, - deydi «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Zarif Sanaqulov. - Yoki mahallaga gaz ballon kelganida, ayrim xonadonlarda iste’moldagi maishiy gaz ballonidagi mahsulot tugamaganligi sababli, almashtirishning imkoni bo‘lmagan. Biz bu kabi ham murojaatlarni qanoatlantirdik. Ayrim iste’molchilar ikkinchi gaz ballon so‘rab murojaat qilishganida bitta iste’molchiga bitta gaz ballon berilishini tushuntiramiz. Gaz ballonlarning almashtirish tizimi “aylanma” tara usulda tashkil etilganligi, bo‘shagan gaz ballonga yangi to‘ldirilgan ballon berilishini aytamiz.

Suyultirilgan gaz tizimiga a’zo bo‘lishni so‘rab qilingan murojaatlarga, zarur hujjatlar ro‘yxati taqdim etildi.

Shuningdek, birinchi chorakda filial mutaxassislari tomonidan viloyatdagi tabiiy gaz iste’molchilari  xonadonlaridagi eski pechlar, zamonaviy tejamkor gaz uskunalariga almashtirib kelinmoqda.

Jumladan, Samarqand shahrida 1089 ta, Bulung‘ur tumanida 89 ta, Jomboyda  117 ta, Ishtixonda 101 ta, umuman, viloyat bo‘yicha jami 3 769 ta zamonaviy tejamkor gaz uskunalari o‘rnatildi.  

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.