Amaldorga o‘t qo‘ygan tadbirkor "qasddan odam o‘ldirishga urinish"da ayblanmoqda
Yakkabog‘lik tadbirkor "snosga" tushgan mulkini himoya qilib, uni buzmoqchi bo‘lgan tuman hokimi o‘rinbosarining ustiga benzin sepib, ëqib yuborgan edi. Endi tadbirkorga qarshi prokuratura qasddan odam o‘ldirishga urinish aybi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu haqda Bosh prokuratura 23 iyul kuni mahalliy matbuotga izoh berdi, deb yozmoqda Minbar.
Bu moddalar bo‘yicha o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum bo‘lish tahdidi mavjud.
“2019 yil 20 iyul kuni soat 17:30 larda 1976 yilda tug‘ilgan Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari M.T. «Hisor Sarlochin» MChJga tegishli savdo do‘konlarini buzish ishlarini tashkillashtirayotgan vaqtda mazkur jamiyatda ishlovchi, 1963 yilda tug‘ilgan fuqaro B.I. o‘ziga tegishli savdo do‘konining buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, M.T.ning yuz qismiga yelim idishda bo‘lgan benzin yoqilg‘isini sepib, uni yoqib yuborgan. Oqibatda M.T. tanasining 35-40 foizi kuyib, shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kuni tuman prokuraturasi tomonidan B.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda tegishli protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda”¸ – deyiladi Bosh prokuratura rasmiy baënotida.
Jamoatchilikni junbushga keltirgan voqea Qashqadarë viloyati Yakkabog‘ tumanida 20 iyul kuni yuzlab guvoh ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan.
Tadbirkorning Yakkabog‘ shahridagi kreditga qurilgan ikki qavatli yangi do‘koni va sexi “Obod mahalla” dasturi loyihasida buzilishga tushgan. Do‘konini tovon puli bermasdan buzmaslikni so‘ragan tadbirkorning gapi inobatga olinmagan.
Aytilishicha, ichki ishlar tizimining yigirmaga yaqin xodimi hamrohligida kelgan Yakkabog‘ hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev, buldozerchi buyrug‘ini bajarmaganidan so‘ng, o‘zi buldozerga chiqib, uni ishlab turgan do‘kon ustiga haydagan. Shunda tadbirkor Tuymayevning ustiga benzin sepib, ëqib yuborgan. Ëna boshlagan hokim o‘rinbosarini atrofdagilar o‘chirgan, u darrov kasalxonaga olib ketilgan.
“Obod qishloq”, “Obod mahalla”, turli xil City qurish iddaolari bilan butun mamlakat bo‘ylab shahar va tuman markazlarida minglab aholining uy-joyi va tadbirkorlik ob’yektlari buzilmoqda. Aksar hollarda aholi va tadbirkorlarga, qonunda ko‘zda tutilgan normalarga zid ravishda, buzilaëtgan mulkiga teng miqdordagi tovon puli to‘lanmayapti.
22 iyul kuni Adliya vazirligi bu buzilishlar davrida aholiga berilishi shart bo‘lgan tovon pullarini to‘lashda ulkan qarzdorlik mavjudligini e’tirof etdi.
Vazirlik baënotida Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida buzilgan uylar va noturarjoylar uchun tovon puli to‘lash bo‘yicha 300 mlrd. so‘mga yaqin qarzdorlik mavjudligi aytilgan, deyiladi xabarda.