Amir Temur mahsulotlarini yuqori narxlarda sotgan do‘kondorlarni qattiq jazolagan

Amir Temur Samarqanddan boshqa shaharlar rivojlanishiga ham alohida e’tiborni qaratgan, jumladan o‘z davrida Buxoro Sohibqiron davlatining yirik iqtisodiy markazi bo‘lgan.

Bundan tashqari, ma’dan konlari yaqinligi tufayli Toshkentda metall buyum yasash rivojlangan. Toshkent boshqa hududlarga “shoshiy” (“chochiy”) deb atalgan kamonlar yetkazib berishi bilan dong taratgan. Andijon bilan Axsikat esa Farg‘ona vodiysining iqtisodiy va madaniy markazi bo‘lgan.

Samarqandda baxmalning to‘q qizil rangli alohida turi tayyorlangan. Aholining aslzodalar qismi uchun bayram libosi asosan shoyi, parcha va baxmaldan tayyorlanardi. Gilamdo‘zlik Movarounnahrdagi hunarmandchilik ishlab chiqarishida muhim o‘rin egallagan. Samarqandda “sultoniy” nomli eng yaxshi qog‘oz ishlab chiqarilgan. Temur va Ulug‘bek davrlarida kulolchilik muhim o‘rin egallar, hunarmandchilik ishlab  chiqarishning eng rivojlangan va yetakchi tarmoqlaridan biri sanalar edi. Sopol buyumlar tayyorlashda g‘ijduvonlik ustalar o‘z uslubiga ega bo‘lgan.

Qimmatbaho ma’danlarga ishlov berish hunarmandchilikning yuksak rivojlangan tarmog‘iga aylandi. Zargarlar sirg‘a, uzuk, bilakuzuk va boshqa qimmatbaho bezaklarni tayyorlashga ixtisoslashgan bo‘lib, feodal aslzodalarning bunga ehtiyoji baland edi.

XIV asr oxirida ulug‘vor inshootlar qurilishi keng tus oldi. Deraza oynasi, jumladan rangli oyna ishlab chiqarish ancha rivojlandi. Amir Temur, Ishratxona, Shahrisabzdagi saroy, Buxorodagi Ulug‘bek madrasasi qurilishida shu oynadan foydalanilgan. Shuningdek, sirkor koshin tayyorlash miqdori ham oshdi. Temur davlati poytaxtida aslahasozlik ishi kuchli darajada rivojlandi. Maxsus ustaxonalarda shamshir, qilich, xanjar, oybolta, sovut, dubulg‘a tayyorlanar, Amir Temur bu sohaga katta ahamiyat berib, qat’iy nazorat qilib borardi. Bu xil ustaxonalarda asir mutaxassislar va qullar ishlardi.

XIII-XIV asrlarda davlatga qarashli yirik hunarmandchilik ustaxonalari bo‘lgan. Zabt etilgan mamlakatlardan keltirilgan asir hunarmandlarning mehnatidan foydalanish bu xil ustaxonalarning o‘ziga xos jihatlaridan biri edi. XIV asrning oxiri XV asrning boshlarida Samarqand qal’asida asir hunarmandlar ham ishlaydigan korxona bo‘lgan. Ispaniya elchisi Klavixoning yozishicha, “Temur bu saroyda sovut, dubulg‘a, o‘q-yoy tayyorlovchi va yil bo‘yi unda ishlovchi minglab asir ustalarni saqlagan”.

Amir Temur Samarqandni ulug‘lash istagida “zabt etgan yerlarining hammasidan odamlarni keltirib, shahar va (uning atrofidagi) yerlarga joylashtirar, ayniqsa turli hunarlar bo‘yicha ustalarni to‘plar edi. Damashqdan u topishi mumkin bo‘lgan xilma-xil ustalarni; turli xil to‘quvchilar, kamonchilar, aslahasozlar, shishapaz va kulollarni yubordi, (ular) dunyoda eng yaxshi ustalar hisoblanadi. Turkiyadan esa kamonchilar va topilishi mumkin bo‘lgan boshqa hunarmandlar; g‘isht teruvchilar, zargarlarni keltirdi, ular shunchalik ko‘p topildi va ko‘p keltirildiki, shaharda har qanday usta va hunarmandni topish mumkin edi.

Mamlakat iqtisodiyotida chorvachilik muhim tarmoqlardan biri hisoblanib, chorva mollari uchun ham alohida joylar ajratilgan. Masalan, ot bozori, qo‘y bozori kabilar bo‘lgan. Bozorlar ayni vaqtda she’riyat, adabiyot, ilm-fan yutuqlari bo‘yicha suhbatlar o‘tadigan, o‘ziga xos bilim almashinuvi kechadigan joylar ham edi. Shu yerda hukmdorlarning farmoni e’lon qilinar, aybdorlar jazolanar edi. Chunonchi, chitgarlar risolasiga ko‘ra, kasb nizomi ko‘rsatmalarini buzgan shogird bola bozor kuni yelkasi xipchin bilan savalangan holda bozor ichidan olib o‘tilgan. Bu yerda ko‘plab amaldorlar va oddiy xalq to‘plangan. Shuningdek, Amir Temur mol-mahsulotlarini yuqori narxlarda sotgan do‘kondorlarni qattiq jazolashni buyurgan.

Bozor tomoshagoh: ko‘ngil ochar joy ham edi. Nayrangboz, dorboz, polvon, qo‘g‘irchoqbozlarning tirikchiligi ham ko‘pincha shu yerda o‘tgan. Zotan, Samarqandga ko‘plab xorijiy savdogarlar kelib turardi. Ular xilma-xil tilda gaplashuvchi kishilar bo‘lib, hattoki, ular orasida ovrupalik mehmonlarni ham uchratish mumkin edi. Yo‘llar tarmog‘i O‘rta Osiyo shaharlarini Hindiston, Eron, hozirgi Afg‘oniston, Xitoy, Kavkazorti, Turkiya, Volgabo‘yi markazlari bilan bog‘langan. Iqtisodda savdo qanday katta ahamiyatga egaligini Amir Temur yaxshi tushunardi.

Kichik Osiyodalik paytida Amir Temur Farang qiroli Karl VI va ingliz qiroli Genrix IV bilan diplomatik yozishmalar qilgan. Maktublarda Sohibqironning o‘z davlati bilan g‘arb mamlakatlari o‘rtasida muntazam savdo munosabatlarini o‘rnatish istagi yaqqol aks etib turibdi. Ushbu xatlarda savdogarlar uchun erkin savdo munosabatlarini ta’minlash ham ta’kidlangan edi.

Bu davrda savdogarlar va elchilarning yo‘li bexatar bo‘lishiga katta e’tibor berilgan. Samarqandga chetdan keltiriluvchi mollar orasida Sharq mamlakatlari, birinchi navbatda Xitoydan keltiriluvchi mollar muhim o‘rin tutgan. Samarqandga turli mamlakatlarning mollari, shu jumladan “O‘rusiya va Tatariyaning” ko‘ni bilan zig‘ir tolasidan to‘qilgan gazlamasi oqib kelardi. O‘rta Osiyoga Volgabo‘yidagi Bulg‘or degan joydan keltiriluvchi a’lo navli teri ishlov berilgan joyiga ko‘ra “bulg‘ori” degan nom olgan. Undan xilma-xil poyabzallarning ustki qismi, qimmatbaho egar, kamon o‘qlari uchun naqshinkor sadoq, xurjun, muqova va boshqa narsalar tayyorlangan.

Xitoydan Movarounnahrga “bag‘oyat qadrlanadigan va qimmatbaho bo‘lgan” chinni idishlar, chinni koshinlar va chinni buyumlar”, “sirlangan sopol va hokazolar” keltirilgan.

Samarqanddan chetga olib chiqiladigan xilma-xil matolar, ayniqsa, “zandanachi” nomli turi muhim o‘rin egallagan. XV asrda O‘rusiya, Volgabo‘yiga va ular orqali Ovrupoga zandanacha qisman yetkazib berilgan.

XIV-XV asr oxirida Temur va temuriylar davlati markazi - Movarounnahr juda ko‘p karvon yo‘llari orqali Ovrupo, Yaqin va Uzoq Sharqning yirik shahar hamda mamlakatlari bilan bog‘langan edi. XIV asrda Movarounnahrning shimol tomondagi yirik iqtisodiy va siyosiy qo‘shnisi Oltin O‘rta edi. Movarounnahrning yirik shaharlaridagi savdogarlar Oltin O‘rdaga ikki tomondan borishi mumkin bo‘lgan, ya’ni Janubiy Qozog‘iston cho‘llari orqali va Xorazm tomondan. Xorazmning ichki va tashqi savdosi Urganchda to‘plangan edi. Urganch orqali janubiy mamlakatlardan Oltin O‘rda, Volgabo‘yi, so‘ng Ovrupaga qarab karvonlar o‘tar edi.

Movarounnahrni Hindiston bilan bog‘lovchi boshqa bir yo‘l Qobul orqali o‘tar edi. Zahiriddin Bobur ta’kidlashicha, Hindiston va Xuroson oralig‘ida Sharqning ikki yirik savdo-iqtisodiy markazi - Qobul va Qandahor orqali o‘tuvchi yo‘l bo‘lgan. “Qobulga Qoshg‘ar, Farg‘ona, Turkiston, Samarqand, Buxoro, Balx, Hisor va Badaxshondan karvonlar kelur. Xurosondan karvon Qandahorga yetur. Ushbu viloyat Hindistonni Xuroson bilan bog‘lagay”, deb yozgan edi Bobur “Boburnoma” asarida.

Shunday qilib, XIV-XV asr oxirlarida Movarounnahrni ma’lum mamlakatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy, ba’zi hollarda siyosiy va harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan karvon yo‘llari bog‘lagan edi. Ushbu tarixiy yo‘llar bir-biridan iqtisodi, xalq turmush tarzi, dini, ma’naviy va moddiy madaniyati jihatidan farqlanuvchi mamlakatlarning o‘zaro aloqasini rivojlantirishga imkon yaratgan.

O‘tan To‘xtamishev,

SamISI dotsenti.

Shovqiddin Abdurashidov,

SamISI o‘qituvchisi.