Amir Temur vazirlarini nega tez-tez almashtirib turgan?

Sohibqiron Amir Temur mo‘g‘ullardan farqli ravishda o‘zini xon emas, balki amir deb atagan. U hokimi mutlaq sanalsa-da, o‘sha davr an’analariga ko‘ra, chingiziylardan bo‘lgan Suyurg‘atmash va Mahmudxonlarni xon qilib ko‘tarilgan, ular soxta xonlar bo‘lib amalda saltanatga doir ishlarning ahamiyatga moliklari Amir Temur tomonidan hal etilgan. O‘zi ham mo‘g‘ul xonining qizi Saroymulkxonimga uylanib, faxrli Ko‘ragon unvoniga ega bo‘lgan va siyosiy hokimiyatini mustahkamlagan.

Amir Temur cheklanmagan vakolatga ega bo‘lib, o‘zi lozim topgan paytda davlat mansabdorlari tomonidan qabul qilingan qarorlarni o‘zgartirishi va yangi qarorlar qabul qilishi mumkin bo‘lgan. Saroydagi devon va mansablarga ishonchli vakillarini tayinlagan. Ular saltanatdagi voqea-hodisalarni, xalqning turmush tarzini, ularning arz-dodini Amir Temurga yetkazib turgan. Jumladan, hukumat devonlarining boshlig‘i Devonbegi bo‘lib, ba’zan Sohibi devon-vaziri a’zam deb atalgan.

Podshoh devoni ikkiga - Devoni a’lo va Devoni buzurglarga bo‘lingan. Devoni a’loning boshlig‘i Sohibdevon atalib, bu oliy mansabga chig‘atoylar zodagonlari orasidan qo‘yilgan. Devonbegi saltanatda yuz berayotgan voqealarni nazorat qilgan va ularning hisobotini har kuni shaxsan Amir Temurga berib turgan.

Xo‘ja Mas’ud Simnoniy Amir Temurning eng ishonchli sohibi devonlaridan bir bo‘lib, Devonbegiga katta vakolatlar berilgan. Ular tomonidan qabul qilingan qarorlarni istagan vaqtida bekor qila olgan.

Markaziy hokimiyatning eng muhim mansabdorlaridan biri vazirlar hisoblangan. Ba’zan ular Devoni adl, devoni kuzzot deb ham atalgan. Amir Temur saltanatida yetti vazir faoliyat ko‘rsatgan. Ular Devonbegiga bo‘ysungan. Amir Temur vazirlarini  cheklashga intilgan, hatto ularni uzoq bir mansabda ushlab turmasdan tez-tez almashtirib turgan.

Bizning fikrimizcha, vazirlarning fitnalariga tez-tez duch kelgan Amir Temur markaziy hokimiyatni kuchaytirish, o‘z qo‘lida mustahkam ushlab turish uchun ham vazirlarning imkoniyatlarini cheklashga intilgan va ularning faoliyatini qattiq nazorat qilgan.

Podshoh va davlat xazinasiga xazinador (xazin) javobgar bo‘lib, ularning ishlari qattiq tekshirilgan.

Markaziy hokimiyatda muhrdor lavozimi katta ahamiyatga ega bo‘lib, davlat hujjatlariga muhr qo‘yish ishiga mas’ul hisoblanib, hukmdorning eng yaqin kishisi bo‘lgan.

Podshoh huzuriga arz-dod bilan keluvchilar, shuningdek, el-yurtning umumiy ahvoli, elatlarda oliy hukmdorning farmon va vakolatiga ega bo‘lgan oliy mansabdorlar arzbegi, deb atalgan. Uning zimmasiga mamlakatda bo‘layotgan voqea-hodisalarni haqqoniy yetkazish mas’uliyati yuklangan.

Shiqovullar turli davlatlardan boshqa davlatga ketayotgan elchilarning tashkiliy masalasi bilan shug‘ullangan. Agar Amir Temur davlatining elchilik faoliyatining kengligini va elchilar kelganda ularni kutib olishidagi rasmiy marosimlarni kuzatadigan bo‘lsak, bu mansab egalarining katta mehnatini, tajribasi va mas’uliyatini his etamiz. Saroy elchilarini tanlash va tayyorlash markazi mavjud bo‘lib ular bevosita shu ishga mas’ul bo‘lganlar.

Oliy martabalardan biri tovachi (adyutant)lar qurultoyga davlatning turli o‘lkalaridan shahzoda va boshqa mahalliy boshliqlarni, yurishlar oldida lashkar to‘plash, janglar vaqtida vafot etgan harbiylarning hisobotini olish ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Shuningdek, lashkarlar sharoitini yaxshilash, amirlarga kerakli vazifalarni yuklashi ularning tartib raqamlarini belgilash ishlariga ham mas’ul hisoblangan.

Tovachilar tinchlik paytida lashkarlarni qurilish ishlariga tortish bilan shug‘ullanishgan. Ozarboyjonda kanal qurilishiga ham tovachilar rahbarlik qilgan. Ular yurishlardan tushgan o‘ljalarni adolatli taqsimlash, qo‘shinning bir joyda qo‘nishini tashkillashtirish va boshqa ishlarni bajargan.

Amir Temur davridagi eng nufuzli unvonlardan biri Ko‘ragon (xon kuyovi - Sh.G‘) unvoni bo‘lgan. Ko‘ragon Chingizxon avlodiga mansub, xon qiziga uylangan aslzodaga berilgan faxrli unvon bo‘lib, o‘sha davr siyosiy an’analariga muvofiq mo‘g‘ul xonlari qiziga uylangan hukmdor o‘z qonuniy hokimiyatini shu unvon orqali mustahkamlagan. Amir Temur, Jahongir, Mironshoh, Mirzo Ulug‘bek shunday faxrli nomni olgan.

Saroydagi yana bir nufuzli yorliqlardan biri tarxondir. Ushbu yorliq sohiblari saltanat oldida ko‘rsatgan ayrim xizmatlari uchun yer-mulklari soliqlardan ozod qilingan va yana bir qancha imtiyozlarga ega bo‘lgan. Tarxon - xon huzuriga bemalol kira oladigan, to‘qqiz martagacha gunohi kechiriladigan, tegishli o‘ljasi taqsimlanmaydigan, gohida avlodlari soliqdan ozod qilinadigan amir.

No‘yon - Amir Temur  tomonidan tamg‘aga ega chig‘atoy zodagonlaridan chiqqan bo‘lib, ulug‘, amir, noib, tuman (o‘n ming kishilik lashkar) boshlig‘i ma’nolarida qo‘llangan.

Amir Temur davrida iqtidorlar ham katta nufuzga ega bo‘lgan. Shahzoda va xonzodalarning tarbiyalari otaliq deb atalgan va bu mansabga ham Amir Temur xonadoniga eng yaqin kishilar tanlangan. Ular atko, otabek deb ham atalgan. Hukmdor oldiga bemalol kirish huquqiga ega bo‘lgan va shahzodalarni har tomonlama mukammal tarbiyalashdek muhim vazifani bajarishgan.

Shuningdek, saroyda bakovullar taomlarni mazali tayyorlash bilan shug‘ullanib, ularni oldindan tatib ko‘rib, xavfsizligini ta’minlagan bo‘lsa, munshiylar maxfiy kengash va majlislarda bo‘lgan gaplarni xolislik bilan daftarga qayd qilib borgan.

Hukmdorning xos ishonchli navkarlari - ichkilar, podshoh oshxonasi xizmatchilar tepasida turgan - miroxur, suv xo‘jaligi boshqaruvchisi - mirob, shahzodalarning shaxsiy qo‘riqchisi - chuxralar, chodirlarni olib yuruvchi xos xizmatkor - shukurchi, saroyni nazorat qilib turuvchilar - qurolbardor, yaroqbardor, salohdor kishi, qo‘rchi kabi mansabdorlar faoliyat yuritgan. Barchasi saroy xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

Shokir G‘AFFOROV,

professor, tarix fanlari doktori.