Antoniu Guterresh: Voqealar aynan shu tarzda rivojlansa, ikki-uch yilda dunyo pandemiyadan oldingi holatga qayta oladi
Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antoniu Guterresh Aftonbladet nashriga koronavirus pandemiyasidan so‘ng dunyoni kutib turgan ikki turdagi voqealar rivoji haqida so‘zlab berdi.
Birinchisi, optimistik taxmin. Unga ko‘ra, mamlakatlar hozirgi vaziyatdan chiqib ketadi. Yirik davlatlar tiklanish rejasini tuzadi, rivojlanayotgan davlatlar esa yordam oladi. Shu bilan birga, Guterresh yaqin to‘qqiz oy ichida koronavirusga qarshi vaksina kashf etilishiga va undan barcha foydalana olishiga umid bildirdi. Uning fikricha, voqealar aynan shu tarzda rivojlansa, ikki-uch yilda dunyo pandemiyadan oldingi holatga qayta oladi.
Agar davlatlar birgalikda harakat qilmasa, unda voqealar pessimistik tarzda rivojlanadi. Guterreshning so‘zlariga ko‘ra, u holda koronavirusning yangi o‘choqlari paydo bo‘laveradi, rivojlanayotgan davlatlarda vaziyat yomonlasha boshlaydi. Vaksina kashf etilishi jarayoni chuzilib ketishi yoki uning ustida jiddiy raqobat paydo bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Bunday holda vaksina hammaga yetib bormaydi. U faqatgina iqtisodiy imkoniyatlari yuqori davlatlargagina yetib boradi.
“Agar voqealar shu ssenariy bo‘yicha rivojlansa, unda biz populizm va ksenofobiya (barchaning bir-biridan nafratlanishi) avj olinishi guvohi bo‘lamiz”, alohida ta’kidladi Guterresh.
Bundan tashqari, BMT Bosh kotibining fikriga ko‘ra, voqelar shu tarzda rivojlanadigan bo‘lsa, unda har bir mamlakat o‘zi uchun yashay boshlaydi, dunyo umumiy maummolarni hal qilishda ojiz qoladi. Natijada, global depressiya yuzaga keladi va u kamida besh-yetti yil davom etadi. Guterreshning so‘zlariga ko‘ra, hozir dunyo qaysi yo‘ldan ketayotganligini tushunish qiyin. Ammo u barchani eng yomoniga tayyor turishga chaqirdi.
“Ayni vaqtda bo‘linish barcha uchun xavfli, pandemiya bizlarni o‘zgartirishi lozim”, - ta’kidladi BMT Bosh kotibi.
U umumjahon muammolarini hal qilish uchun barcha dunyo yetakchilarini birlashishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “zamonimizdagi eng og‘ir sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishga imkon beradi”.