AQSh daromadidan 35 foizi, Yevropa Ittifoqi davlatlari daromadining 45 foizi intellektual mulk ob’yektlaridan foydalanish natijasida olinadi. Bizda-chi?
Jamoatchilik o‘rtasida intellektual mulk haqida ko‘p gapiriladi, uni tushunishda ayrim chalkashliklar ham bor. Intellektual mulk - bu inson tafakkuri bilan yaratilgan ixtirolar va asarlar, ya’ni nomoddiy ne’matlardir. Intellektual mulk huquqi shu ne’matlarni yaratish va undan foydalanishda yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solib turadi.
Intellektual mulk patent huquqi (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari), tovar belgilari (tovar kelib chiqqan joy, geografik nomlar, xizmat ko‘rsatish belgilari), mualliflik huquqi (fan, adabiy va san’at asarlari), turdosh huquqlar (ijrolar, fonogrammalar, efir orqali ko‘rsatuv va eshittirish beruvchi tashkilotlarning dasturlari) orqali muhoafaza qilanadi.
Intellektual mulk ob’yektlari bugungi kunda muomalaga eng ko‘p kiritiladigan, katta daromad manbi bo‘lgan, butun iqtisodiyoni rivojlantirish va ishlab chiqarish korxonalarini yangi texnologiyalar ko‘rinishida jihozlashga ko‘maklashadigan, inson tafakkurini o‘zgartirish va yangi bilimlar manbai bo‘lgani bilan ajralib turadi. Shunga ko‘ra, har qanday ixtiro va asar aslida mamlakatning iqtisodiy boyligi hisoblanadi. Masalan, AQSh milliy daromadidan 35 foizga yaqini, Yevropa Ittifoqi davlatlaridaromadining 45 foizga yaqini aynan intellektual mulk ob’yektlaridan foydalanish natijasida olinadi. Xo‘sh, bizda-chi?
Keling, dastlab bu boradagi qonunchilik me’yorlari haqida to‘xtalaylik.
Intellektual mulk, xususan, mualliflik huquqini amalda ta’minlashda qonun ustuvorligiga rioya qilish muhim omillardan hisoblanadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 53-moddasi badiiy ijod erkinligi kafolatlari, intellektual mulkning qonun bilan muhofaza qilinishi kabi normalarning kiritilishi orqali bejiz kuchaytirilmadi.
Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik, huquqiy va dunyoviy davlatning bosh mezoni ekanligi ta’kidlanishida katta ma’no bor. Haqiqatan ham, qonun ustuvorligi ta’minlangan davlatda demokratik qadriyatlar qaror topadi, inson huquqlari ro‘yobga chiqadi, mustahkam va ishonchli boshqaruv amalda bo‘ladi.
Bugungi kunda mualliflik huquqini muhofaza qilishga oid kuchli qonunchilik asoslari ham qabul qilingan. Adabiyot, madaniyat va san’at sohasidagi islohotlarni amalga oshirish, sohada davlat boshqaruvi takomillashtirishda keyingi yillarda bir qator yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Mamlakatimizda sohada samarali va ta’sirchan davlat boshqaruvi tashkil etilgan. Sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha jadal islohotlar ham amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2022 yil 17 martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Adliya vazirligi zimmasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Ushbu vazirlik intellektual mulk sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida belgilandi.
Shuningdek, yurtboshimizning 2023 yil 27 iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni madaniyat sohasida davlat siyosatini yanada chuqurlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur hujjat bilan Madaniyat vazirligi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari alohida belgilab berildi. Ulardan biri sifatida madaniyat sohasida qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish belgilandi. Bundan ko‘rinadiki madaniyat va san’at sohasini huquqiy tartibga soladigan qonunchilik orasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar ham bor. Demak, sohada qabul qilingan qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari, hukumat qarorlari, vakolatli davlat boshqaruvi organlarining qarorlari ijrosini ta’minlash lozim.
Nazarimizda, Madaniyat vazirligi tizimida sohaga oid qonunchilik ustidan nazorat qiluvchi inspeksiya, markaz yoki departament, ular qanday atalmasin, maxsus tuzilma tashkil etilishi, unga professional, malakali kadrlar ishga olinishi lozim. Bunday tuzilmaning bo‘lishi muallif (merosxo‘r)lar, ijrochilar, fonogramma ishlab chiqaruvchilari va filmlar yaratuvchilari huquqlariga rioya etilishini tizimli monitoring qilish, sohadagi huquqbuzarliklarni aniqlash, kontrafakt mahsulotlar aylanuviga chek qo‘yish, huquqbuzarliklarni tezkor-qidiruv tadbirlari orqali aniqlash va o‘z vaqtida chora ko‘rib borish imkonini beradi.
Bu sohada yetarli nazoratning o‘rnatilmagani, qabul qilingan qonunchilik hujjatlarning ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmayotgani, ayniqsa, san’at asarlaridan ruxsatsiz foydalanish, ularni buzib ijro etish, shoir, bastakor va boshqa mualliflarga tegishli haq to‘lamaslik kabi holatlarning mavjudligi achinarli holdir.
Madaniyat vazirligiga yuklangan yana bir yo‘nalish – bu madaniyat sohasida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan asosiy nodavlat notijorat tashkilotlar, bular, mualliflar mulkiy huquqlarini jamoaviy asoslarda boshqaruvchi tashkilotlardir.
Ma’lumki, qonunchilikka ko‘ra mualliflar yoki ijrochilar o‘z huquqlarini mustaqil boshqaradilar. Lekin, bu qiyin jarayon bo‘lgani uchun huquq egalarining mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar tuzishga ruxsat berilgan. Oldinlari bunday vazifani davlat tashkiloti bajarib kelgan. Ayni vaqtda ushbu vazifa mualliflar mulkiy huquqlarini jamoaviy asosda boshqaruvchi nodavlat tashkilotlar zimmasiga o‘tgan.
Mulkiy huquqlarni ishonchli boshqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasini tashkil etish qo‘llab-quvvatlandi. Farmonga ko‘ra Palata mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaradigan tashkilot hisoblanadi.
Bugungi kunda Palata xalqaro doirada e’tirof etilmoqda. 2023 yil 1 iyun kuni shtab-kvartirasi Parijda joylashgan Xalqaro mualliflar va kompozitorlar jamiyatlari konfederatsiyasi - SIZAK a’zoligiga qabul qilindi. Ayni vaqtda SIZAK 118 ta davlatdan 226 ta tashkilotni birlashtirgan. 2023 yil iyun oyi holatida SIZAK musiqa, teatr, adabiyot, audiovizual asarlar, grafika va tasviriy san’at asarlaridagi 5 milliondan ortiq mualliflarning manfaatlarini ifodalamoqda. 2022 yilda SIZAKning a’zo tashkilotlari dunyo bo‘yicha 9 580 mln yevro miqdorida mualliflik haqini yig‘di. Palata 10 ta davlatning 13 ta shunday tashkiloti bilan xalqaro hamkorlik shartnomalari asosida xalqaro faoliyat olib bormoqda. Ya’ni, bu xorijiy davlatlarda respublikamiz mualliflari va ular merosxo‘rlarining mulkiy huquqlari bir xilda boshqarilmoqda, ularga tegishli mualliflik haqi yig‘ilmoqda.
Ayni vaqtda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunining 56-moddasida mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartlari va tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi qayd etilgan. 60-moddasida esa “Mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi”, deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, hozirgacha maxsus vakolatli davlat organi belgilanmagan.
Adliya vazirligiga mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish funsiyasi qoldirilsa-da, Madaniyat vazirligiga bunday tashkilotlarning ixtisoslashuvini ta’minlash, moliyaviy faoliyatini nazorat qilish, sohaga oid qonunchilikning ijrosini nazorat qilish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organ maqomini berish to‘g‘ri bo‘ladi.
Qabul qilingan sohaga oid barcha qonunchilik hujjatlarida muallif yoki fonogrammaga asari yoxud ijrosi kiritilgan shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda hamda miqdorlarda haq olish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Afsuski, bu sohada yetarlicha nazorat o‘rnatilmagan. Ushbu masala hatto muqaddas Islom manbalarida ham belgilangan va amalda ta’minlanayotganining guvohi bo‘lish mumkin. Xususan, Islom Fiqhi Akademiyasining Quvayt davlatida hijriy 1409yil jumodul avval oyining 1/6-kunlari, melodiy 1988 yil 10-15 dekabr kunlarida o‘tkazilgan beshinchi davra Konferansiyasining “Ma’naviy haqlar to‘g‘risidagi” qarorida “A’zo va ekspertlarning “Ma’naviy haqlar” borasidagi bahslarini o‘rganib hamda u haqdagi munozaralarni eshitgandan so‘ng majlis quyidagicha qaror qabul qildi: Ta’lif-mualliflik, kashfiyotchilik va ixtiro haqi shar’iy himoyalangan bo‘lib, egalari (xohlaganlaridek) tasarruf qilish haqiga ega. U haqlarga tajovuz qilish joiz emasdir!” deb belgilangan.
Bizningcha ijodkorlar, san’atkorlar va ijrochilarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun quyidagi muammolar yechimini topishimizga to‘g‘ri keladi. Mamlakatimizda yaratilgan har qanday asar, jumladan san’at asarlari, mumtoz va ijrochilik namunalarining yagona repertuar bazasini shakllantirishda asarlar va ijrolarni inventarizatsiya qilish, asarlarni moddiy axborot tashuvchi vositalarga o‘tkazishning huquqiy asoslarini takomillashtirish kerak.
Amaldagi qonunchilikda mualliflarga ularning asarlaridan foydalanganda tegishli haq to‘lash tartibi va eng kam stavkalar (miqdor) ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, lekin asar, ijro va fonogrammalardan aksariyat foydalanuvchi (ko‘ngilochar, madaniyat, san’at muassasalari, festivallar, rasmiy qabullar doirasida tashkil etilayotgan tadbirlar tashkilotchilari, mehmonxonalar, transport xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar, ya’ni aeroport, vokzal, harakatlanuchi transport vositalari, ta’lim muassasalalari, savdo markazlari va boshqalar)lar mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan litsenziya (majburiy) shartnomasi tuzmasdan foydalanib kelmoqda. Ushbu sohada shartnomaviy munosabatlarni o‘rnatish lozim.
Mualliflik huquqi sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan vazifalar, rioya etilishi lozim bo‘lgan talablarning bajarilishi madaniyat va san’atning xalq harakatiga aylanishi, ushbu sohada davlat siyosatini yuritish orqali madaniyati yuksak bo‘lgan jamiyatni shakllantirish, barcha toifadagi san’at, madaniyat xodimlari, ijodkorlar va ularning merosxo‘rlari qonuniy manfaatlarini ta’minlash orqali ularga munosib hurmat ko‘rsatish namunasi hisoblanadi. Ana shunda bizda ham AQSh, , Yevropa Ittifoqi davlatlaridagi kabi daromad intellektual mulk ob’yektlaridan foydalanish natijasida olinadi.
Boboqul Toshev,
San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi, yuridik fanlar doktori, professor.