AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Pekinda. U 2021 yildan beri Xitoyga tashrif buyurgan AQShning yuqori martabali amaldoriga aylandi
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ikki kunlik tashrif bilan Pekinga keldi, deya xabar bermoqda Associated Press.
Safar davomida AQSh Davlat departamenti rahbari Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gang va ehtimol, Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashishi kutilmoqda.
Blinken fevral oyida Xitoyga tashrif buyurishi kerak edi, biroq AQSh havo hududida Xitoy shari topilib, urib tushirilgach, safar kechiktirildi. O‘shanda Vashington Pekinni josuslik faoliyatida gumon qilgan edi.
Associated Press xabariga ko‘ra, Blinken 2021 yil yanvarida lavozimga kirishgan Jo Bayden prezidentligi boshlanganidan beri Xitoyga tashrif buyurgan eng yuqori martabali AQSh rasmiysiga aylandi. U, shuningdek, so‘nggi besh yil ichida Xitoyga tashrif buyurgan birinchi AQSh Davlat kotibidir.
Entoni Blinkenning tashrifi AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasidagi uchrashuvlarga zamin yaratishi kutilmoqda. Bir kun oldin Bayden yaqin oylarda Si bilan uchrashishga umid qilayotganini aytgan.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar savdodan tortib mintaqaviy xavfsizlikgacha bo‘lgan bir qancha jabhalarda, jumladan Tayvan va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli yomonlashgan.