Archalar maxsus texnologiya asosida boshqa joyga ko‘chiriladi
Samarqand shahridagi Alisher Navoiy ko‘chasida ekilgan 150 tup mojjevelnik va igna bargli archalarni boshqa hududga ko‘chirish bo‘yicha loyiha tayyorlanmoqda.
- Ayni paytda archalarning hozirgi holati o‘rganib chiqildi, - deydi Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Davron Ochilov. – Ko‘chaning ikki tomonidagi chinor daraxtlarining soyasi archalarga tushib rivojlanmayotgani, hatto ba’zilari o‘sishdan to‘xtagani kuzatildi. Shu sababdan archalar “Samarqand yo‘lko‘klam” davlat unitar korxonasining maxsus texnikalari yordamida zamonaviy bog‘dorchilik texnologiyalari asosida kavlab olinib, Samarqand shahrining Bog‘ibaland hududiga ko‘chiriladi. Boshqa manzarali daraxtlarga teginilmaydi.
Universitet xiyoboni (Samarqand davlat universitetining fizika fakulteti binosi oldidan) Mirzo Ulug‘bek ko‘chasigacha bo‘lgan 1,5 kilometr masofadagi yo‘lga kelgusida archalar o‘rnida maxsus velosiped va velorolik yo‘lagi tashkil etiladi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida o‘rindiqlar o‘rnatilib, savdo shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ko‘chaning ikki tomonida joylashgan binolar milliy va zamonaviy ko‘rinishga aylantiriladi. Yo‘lakdagi plitkalar boshqasiga almashtiriladi. Xullas, bu yerda yangicha qiyofadagi dam olish manzili yaratiladi.
Husan Eltoyev.