Argentinalik namoyishchilar mamlakat prezidenti o‘tirgan mikroavtobusga hujum qildi

Argentinaning Chubut mintaqasidagi foydali qazilmalar qazib olishga qarshi namoyishchilar guruhi Argentina prezidenti Alberto Fernandesni olib ketayotgan mikroavtobusni toshbo‘ron qilishdi, deya xabar berdi La Nacion.

Ta’kidlanishicha, Fernandes Chubut viloyatiga yong‘inlardan zarar ko‘rgan hududlarni ko‘rish uchun kelgan.

La Nacion gazetasi jurnalistlari prezident mashinasini o‘rab turgan namoyishchilar mashinaga yopirilgani, transportni urib, silkitib, yo‘ldan chiqarishga harakat qilganini videoga olishdi.

Taajjublanarlisi, politsiya yaqin atrofda ko‘rinmadi. Telekanal efirida Argentina rahbari qo‘riqchilari odamlarni chetga surib tashlayotgani namoyish etildi.

Shundan so‘ng Fernandes va unga hamroh bo‘lganlar salonga o‘tirishdi va mikroavtobus sekin joyidan jildi. Ortidan otilgan toshlar mashina derazalarini sindirdi.

Materialda mikroavtobus yo‘lovchilaridan birontasi mojaro paytida jarohat olganmi yoki yo‘qmi aytilmagan. Chubut provinsiyasidagi kichik Lago Puelo shaharchasi aholisi hukumatning mintaqada qazilma ishlarini kengaytirish rejalaridan norozi bo‘lib chiqishdi.