Aslida kim yolg‘onchi? Prokuraturami, hokimlikmi, suv xo‘jaligi idorasimi yoki sakson yoshli Salim Roziqovmi?

Afsuski, qator mas’ul idora rahbarlarining shunchaki mas’uliyatsizligi, fuqaro murojaati, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, taqdiriga befarqligi natijasida Salim bobo oddiygina bir muammoga yechim topolmaydi. Eng dahshatlisi, bu masalani hal etish mumkin bo‘lsa-da, ana shuni o‘z gardaniga oladigan rahbar hozirgacha butun boshli Urgutda topilmadi. Aksincha, barcha tashkilot mutasaddilari muammo yechimidan o‘zini olib qochish uchun enlik-enlik xat yozib qo‘ya qoladi.
Urgut tumanidagi A’loxotin mahallasi hududidan Yangiariq kanali oqib o‘tadi. Kanal yon-atrofiga bir necha yillar davomida turli chiqindilar tashlanadi, aniqrog‘i, qarovsiz ahvolda. Ilgari ham qator savobli ishlarga qo‘l urgan, jumladan, bir necha yil oldin qishloq aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida tuman hokimligi ruxsati bilan tegishli tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan loyiha asosida o‘z hisobidan bir yarim tonna yuk ko‘tarish quvvatiga ega ko‘prik qurgan Salim bobo shu yerni obod qilishni istayapti.
– Qarovsiz holatdagi bu joylarga fayz kiritish maqsadida kanal yonidan 300 metr uzunlikda daraxtzor barpo etish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat so‘radim, – deydi S.Roziqov. – 1996 yil 17 sentyabrda Urgut tuman hokimining "Tuman hududidan oqib o‘tuvchi "Yangiariq" kanali qirg‘oq bo‘yi muhofaza zonasining 30 metr masofadagi jami 147.0 gektar yer maydonini viloyat suv xo‘jaligi birlashmasiga ajratish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingan. Shu hujjatga ko‘ra, qirg‘oq bo‘yi muhofaza zonasining 30 metr masofadagi sug‘orib haydaladigan yerlar, bog‘, uzumzor va tutzorlar viloyat suv xo‘jaligi birlashmasi bilan kelishilgan holda foydalanish shirkat yoki fermer xo‘jalik rahbarlari zimmasiga topshirilgan. Ammo mana, necha yildirki, maqsadimni amalga oshirish uchun na tuman hokimligi, na viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasi uning tuman bo‘limi ham va na boshqa biror mas’ul tashkilot xayrixohlik bildirsa.
Ko‘p yugur-yugurlardan so‘ng, muhofaza etiladigan bu yerlar 2007 yildayoq "Asatullo Do‘stovich" fermer xo‘jaligiga qo‘shib yuborilgani ma’lum bo‘ladi.
– Aslida o‘sha vaqtda juda xom o‘ylagan ekanman, – deydi Salim bobo. – Axir muhofaza etiladigan qirg‘oqbo‘yi yerlarning qanday qilib fermer xo‘jaligiga o‘tkazilganiga hech tushunolmasdim. Keyin eshitishimcha, ko‘plab fermer xo‘jaliklari o‘z ixtiyoridagi yerlarni talon-toroj qilib sotib yuborgach, joyini to‘ldirish uchun, qirg‘oqbo‘yi bo‘ladimi, boshqami, loyihasiga kiritib olaverarkan. Bilmadim, shu sababmi, boshqami, xullas, menga rad javobini berishdi.
Shundan so‘ng qator tashkilotlar boboga fermer bilan kelishgan holda bemalol qirg‘oqbo‘yiga daraxtlar ekib foydalanish mumkinligini bildirishadi. Ammo bu ish ham amalga oshmaydi. Ana shu holat, ikki enlik qirg‘oqbo‘yi yerlardan foydalanish imkoniyatini qariyb o‘n yil davomida hal qilib berolmaydi. Eng alam qiladigani, barcha tashkilot tamoman rad javobi ham bermaydi, hal qilib ham bermaydi. Salim bobo esa hokimlik, qishloq va suv xo‘jaligi idoralari eshigida "shtatsiz qorovul"ga aylanadi. Bu bilan esa biror rahbarning ishi yo‘q!
Salim bobo ham matonatli ekan, yugurishdan to‘xtamadi. Respublika Prezidentigacha murojaat qildi. Aslida ushbu muammo bir tomondan Prezidentga yozishga arzigulik ham. Negaki, respublika bo‘yicha minglab kilometr masofada muhofaza etiladigan qirg‘oqbo‘yi yerlari bor. Agar ular shartnoma asosida fuqarolarga rasmiylashtirib berilsa, eh-he, yuz minglab odamlar ishli bo‘lib, chet davlatlarda sarson bo‘lib yurmasdi. Bozorlarga qishloq xo‘jalik mahsulotlari hozirgidan ko‘proq chiqar, eksport ham shunga yarasha bo‘lardi. Ammo Urgutda Prezidentning virtual qabulxonasini chalg‘itish uchun ham hiylalar topiladi. Rahbarlardan doimo e’tiborsizlik kutib o‘rgangan Salim bobo bu gal uch-to‘rt nafar ziyoli odamning huzuriga kelib, iliq gaplashishidan hayron qoldi.
– Portalga yozgan ekansiz. Endi sizga yer ajratamiz, bitta ariza yozing, – dedi suv xo‘jaligi idorasidan kelgan yigit qog‘oz, ruchka tutqazib. – Rahmat, endi "ishim hal bo‘ldi" deb yozib bering, iltimos. Axir sizga yer ajratamiz-ku, otaxon.
Sodda qariya ular aytganini qildi. Tamom, shu bilan o‘ziga o‘zi xulosa yozib berdi. Ming afsuski, ertasiga yana o‘sha holat: "Bobojon, bu yerni sizga ajratib berolmaymiz, u fermer xo‘jaligiga qarashli". Shundan so‘ng "Ґoji bobo nimadan norozi" sarlavhali ikkinchi maqolani yozdik (2018 yil 6 fevral).
Nihoyat joriy yil 3 aprelida Urgut tuman prokuraturasidan tahririyatimizga kelgan xat bizda ozgina umid uchqunini yoqdi. Chunki tuman prokuraturasi yo‘llagan maktubda "Asatillo Do‘stovich" fermer xo‘jaligi faoliyati tugatilib, yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga olinganligi ma’lum qilindi. Bu esa endi tegishli hujjatlarni to‘g‘rilab, o‘sha yerdan foydalanishga hech qanday to‘siq yo‘q, degani edi. Prokuratura ham Salim Roziqovga javob xatida shu haqda bildiradi:
"Siz sobiq "Asatillo Do‘stovich" fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yer maydonidan yer ajratish masalasida tuman hokimligiga ariza bilan murojaat qilishingiz mumkinligi va mazkur javobdan norozi bo‘lgan taqdiringizda yuqori turuvchi prokurorga shikoyat qilish huquqingiz tushuntiriladi".
Salim bobo bu javobdan boshi ko‘kka yetadi. Va tezda tuman hokimligiga murojaat qiladi. Shu bilan biz ham o‘n yil deganda(!) oxir-oqibat Salim bobo niyatiga yetadigan bo‘libdi, deb turgandik. Ammo tuman hokimligining S.Roziqovga javobi... Kechirasiz, tuman hokimligi fuqaroga javob yozishni lozim topgani yo‘q. Aniqrog‘i, tuman suv xo‘jaligi raisining hokimlikka javob xatidan bir nusxa Salim boboga ham jo‘natiladi. Bu xatga esa sog‘lom odamning ishongisi ham kelmaydi – "Ushbu yer tuman hokimligining qaroriga asosan "Asatillo Do‘stovich" fermer xo‘jaligi hisobida turibdi".
Ana shu javobdan keyin Salim boboning ham irodasi sindi. "Qo‘y, bolam, shu maqolangni ham. Toki hokimning, prokurorning, qishloq va suv xo‘jaligi kattalarining o‘zi muhtoj bo‘lmas ekan, farzandi ishsiz qolmas ekan, hech qachon bizning dardimizni his qilmaydi. Endi ularning qay biri meni axmoq qilayotganini ham tushunmay qoldim", degan gapi ham alam qildi. Ayting-chi, endi men Salim boboni bugun yurtimizda buyuk o‘zgarishlar bo‘layotganiga, yuqoridagi mansabdorlar xalqning xizmatkori ekanligiga qanday ishontiraman?
Otaxonning gapida jon bor. Agar bu yer o‘zlariga kerak bo‘lganida "katta"lar ming bir yo‘lini topishardi. Ammo Salim bobo oddiy fuqaro, undaylarni shunchaki, bitta javob xati bilan chetga surib qo‘yish oson...
Anvar MUSTAFOQULOV,
«Zarafshon» muxbiri.