Asosiy maqsad – soliq to‘lovchilarga yaqindan ko‘maklashish

“Soliq-servis” davlat unitar korxonasi Oqdaryo tumani filiali tomonidan tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga ko‘maklashish, ularga sifatli xizmat ko‘rsatish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida soliq to‘lovchilar ham ko‘rsatilayotgan xizmatlardan mamnun bo‘lmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida filial tomonidan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning 316 ta soliq hisobotini yuborishga ko‘maklashildi. Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklariga buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotini yuborish bo‘yicha 55 marta xizmat ko‘rsatildi. Tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga 203 marotaba og‘zaki maslahatlar berildi.

Soliq to‘lovchilarning sohaga doir bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni so‘nggi yangilik va o‘zgarishlardan xabardor etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davr mobaynida filial tomonidan ushbu yo‘nalishda 14 ta seminar o‘tkazildi. Shuningdek, 11 marotaba o‘quv kurslari tashkil etildi. Jismoniy va yuridik shaxslarga interaktiv xizmatlardan foydalanishda ham ko‘maklashilmoqda.

Samarqand viloyati davlat

soliq boshqarmasi axborot xizmati.