Asossiz undirilgan 825 million so‘m xorijiy korxonaga qaytarildi
2020 yil dekabr oyida Samarqanddagi “Xitoy-beshbarmoq qurilish materiallar” MChJ xorijiy korxonasida “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Bulung‘ur tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan o‘rganishlar o‘tkazilgan.
O‘rganish davomida elektr energiyasiga ulanish sxemalari noto‘g‘riligi aniqlangan va xorijiy korxona hisobiga dalolatnoma asosida 1 milliard 215 million so‘mlik asossiz to‘lovlar hisoblangan.
“Xitoy-beshbarmoq qurilish materiallar” MChJ xorijiy korxonasi ushbu to‘lovlar asossiz hisoblanganligi bildirib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga murojaat qilgan.
Murojaatda keltirilgan holatlar boshqarma xodimlari va “O‘zenergoinspeksiya” Samarqand viloyat bo‘limi bilan birgalikda o‘rganildi.
Natijada “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ Bulung‘ur tuman elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan qayta hisob-kitob dalolatnomasi asosida xorijiy korxonaga hisoblangan 1 milliard 215 million so‘mlik to‘lov summasining 825 million 498 ming so‘mi asossiz hisoblanganligi aniqlandi.
Ushbu asossiz hisoblangan to‘lovlar “Xitoy-beshbarmoq qurilish materiallar” MChJ xorijiy korxonasi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.