Astronomiya va astrofizika olimpiadasida SamDU talabasi g‘olib bo‘ldi

Samarqand davlat universititetida geografiya, tojik tili, pedagogika (mutaxassislik fanlari) va zoologiya, astronomiya va astrofizika fanlari (umumkasbiy fanlar) bo‘yicha respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari olimpiadasining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

  Jumladan, astronomiya va astrofizika bo‘yicha talabalar olimpiadasi bu yil ketma-ket uchinchi marta Samarqand davlat universitetida tashkil etildi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki Samarqand Mirzo Ulug‘bek asos solgan madrasa va akademiyaning vatani sifatida nafaqat O‘zbekiston, balki dunyoda tanilgan tarixiy shahar  hisoblanadi. Bundan tashqari, Samarqandning 2750 yilligi munosabati bilan Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti yordamida Germaniyada ishlab chiqarilgan, ko‘zgusining diametri 48 sm. bo‘lgan optik teleskop o‘rnatilgan.

  Shuni ham ta’kidlash lozimki, 2017 yilgacha bunday olimpiada yurtimiz oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilmagan. Samarqand davlat universiteti tashabbusi bilan bu olimpiadaga asos solindi.

  Astronomiya va astrofizika bo‘yicha bu yilgi olimpiadada mamlakatimizdagi 9 ta oliy ta’lim muassasasi iqtidorli talabalari ishtirok etdi.  Tanlov nizomiga binoan sinovlar 4 tur bo‘yicha tashkil qilindi va ishtirokchilarni baholashda shaffoflik va xolislik ta’minlandi.

  Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, birinchi o‘rin Samarqand davlat univesiteti fizika fakulteti III kurs talabasi Sherzod Sayfiyevga berildi. Urganch davlat universiteti fizika-matematika fakulteti IV kurs talabasi Baxodir Yaxshimurodov ikkinchi, Navoiy davlat pedagogika instituti fizika-matematika fakulteti IV kurs talabasi Gulnoza Sobirova uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi.

  Olimpiadaning tantanali yopilishida faxrli 1-3 o‘rinni egallagan talabalarga SamDU rektorining qimmatbaho sovg‘alari, shuningdek, barcha talaba ishtirokchilar va ularning rahbarlariga kitoblar va faxriy yorliqlarni ilmiy ishlar va innovatsiya bo‘yicha prorektor H.Xushvaqtov topshirdi.

 U.Zohidov,

“Astronomiya va astrofizika” fani

bo‘yicha respublika fan olimpiadasi

hakamlar hay’ati raisi.