“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinmadi
Oliy Majlisning ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan yalpi majlisida “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun loyihasi muhokama qilindi. Qonunning asosiy maqsadi — iqtisodiyotning yangi tarmog‘i hisoblanuvchi ushbu sohaning huquqiy asoslarini yaratish. O‘zbekistonda bugungi kunga qadar atom energiyasi masalalarni tartibga soluvchi maxsus qonun ishlab chiqilmagan.
Qonunning asosiy vazifasi atom energiyasidan foydalanishda xavfsizlikni ta’minlashdan, insonning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini, atrof-muhitni radiatsiyaviy ta’sirdan himoya qilishdan, atom energiyasidan foydalanish sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etishdan iboratdir.
Muhokamalar davomida deputatlar, qonun loyihasida ko‘plab qarama-qarshiliklar va aniqlik kiritilishi lozim bo‘lgan normalar (shu jumladan, xorijiy tajribani o‘rganish) borligiga e’tiroz bildirishdi. Ularning hisoblashicha, hujjatda sohada jamoatchilik nazoratining aniq mexanizmlariga oydinlik kiritish lozim.
Parlament a’zolari qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mas’ul qo‘mitasiga qayta ishlash uchun yuborish haqida qaror qabul qildilar.