Avtomashinani olib qochib, YTH sodir etgan “shunqor” shifoxonaga tushib qoldi

2020 yilning 18 aprel kuni soat 22:30 da 29 yoshli J.Z. fuqaro 25 yoshli D.O.ga tegishli “Matiz” rusumli avtomashinasini Zangiota tumani, Harakat mahallasidagi savdo do‘koni oldida kaliti bilan ochiq holatda qoldirib ketganligidan foydalanib, avtomashinani olib qochadi.

U avtomashinani Tarnov mahallasi tomonga haydab ketgan va boshqaruvni yo‘qotib yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lning o‘ng tomonida to‘xtab turgan “Zil-130” rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashuv sodir etgan.

Oqibatda J.Z. tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.