«Avtostansiya quradigan tadbirkor bor, lekin tuman hokimligi yer ajratgan emas»: Transport boshqarmasi Oqdaryoda avtostansiya qurilmagani masalasiga munosabat bildirdi

illyustrativ foto

24 yanvar kuni «zarnews.uz» saytida e’lon qilingan «Oqdaryoda avtostansiya qachon quriladi?» sarlavhali maqolaga viloyat transport boshqarmasi munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, mazkur muammo yuzasidan boshqarma tomonidan bir necha bor Oqdaryo tuman hokimligiga murojaat qilingan, taklif bildirilgan, ammo =okimlik tomonidan yer ajratilmagan.

“2018 yil 6 martdagi “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida viloyatning 7 ta tumanida avtostansiyalar qurish belgilangan edi. Hozirgacha Paxtachi, Narpay, Ishtixon, Urgut, Nurobod tumanlarida avtostansiyalar qurilib, foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Jomboy tumanida endigina qurilish ishlari boshlanish arafasida turibdi.

Biroq, Oqdaryo tumanida mazkur qarorning ijrosiga loqaydlarcha munosabatda bo‘lib kelinmoqda.
Viloyat transport boshqarmasi tomonidan mazkur qarorning ijrosini ta’minlash hamda hududda jamoat transporti qatnovini yo‘lga qo‘yish borasida Oqdaryo tuman hokimligiga bir necha bor rasmiy ravishda murojaat qilingan bo‘lsa-da, hanuzgacha yer maydoni ajratilgan yo‘q. Xolbuki hududda avtostansiya qurish istagida bo‘lgan tadbirkorlar bor.

Shuningdek, maqolada Samarqand shahriga Xitoydan 100 dona avtobus olib kelinishi rejalashtirilgan haqida ham fikrlar bor edi. Biroq, pandemiya sababli boshlangan ishlar yakuniga yetmasdan qolib, rejada belgilangan muddatlarni ortga surib yubordi.

Ushbu avtobuslar joriy yilda olib kelinishi ko‘zda tutilgan.
Hozirda Samarqand shahrida qulay transport tizimini yaratish borasida yangi loyihani amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Shuningdek, shahardagi avtobus yo‘nalishlaridagi avtotransportlarni yangilash maqsadida zamonaviy yangi avtobuslar sotib olish choralari ko‘rilmoqda. 2022-2024 yillarda jami 435 ta avtobus va mikroavtobus sotib oladigan avtokorxonalar aniqlandi”, deyiladi viloyat Transport boshqarmasi axborot xizmati xabarida.