Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat

Prezidentimizning Oliy Majlisga va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasida mamlakatimiz taraqqiyotiga daxldor bir qator muhim masalalar ko‘tarilib, O‘zbekiston istiqbolining oltita yo‘nalishi haqida so‘z bordi.

Ochig‘i, rivojlangan demokratik davlatlarda bunday amaliyot keng urfga aylangan. Misol tariqasida AQShda har yili Prezidentning Kongressga murojaat qilishi odat tusiga kirgan. AQShning birinchi Prezidenti Jorj Vashington 1790 yil Parlamentga ilk marta murojaat yo‘llagan. Xuddi shu kabi amaliyot Rossiya Federatsiyasida ham mavjud. Prezident har yili Federal Majlisga murojaat yo‘llaydi.

Mamlakat rahbarlarining Parlamentga murojaat yo‘llashidan umumiy maqsad davlatlarning muayyan muddat davomidagi taraqqiyot yo‘nalishini belgilab, ushbu yo‘nalishlarni qonuniy normalar orqali amaliyotga tatbiq etishdan iboratdir.

Murojaatnomani tayyorlash katta, keng qamrovli va puxta ishdir. Unda ko‘tariladigan masalalarning har biri chuqur o‘rganilgan va asoslantirilgan ma’lumotlar orqali tahlil qilinib, bunda albatta, xalqning fikri va takliflari ham inobatga olinib, qaror qabul qilinishi juda muhim hisoblanadi. Sababi, Murojaatnomada belgilangan vazifalar hamda qabul qilingan qarorlar mamlakatning kelgusidagi taraqqiyot yo‘lini belgilaydi. Parlamentga Murojaat shunchaki Davlat rahbarining mamlakatga qilgan nutqi va “qandaydir imtiyozlar” va’dasi emas. Unda mamlakat taraqqiyoti yo‘nalishi, uning iqtisodi va albatta, asosiy vazifa – fuqarolar farovonligini oshirish hal qilinishi kerak. 

Prezidentimizning bu yilgi Murojaatnomasida ham bosh g‘oya “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” g‘oyasi ilgari surildi hamda uni Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda ham mustahkamlab, kundalik hayotimizga chuqur singdirishimiz lozimligi qayd etildi. Shu bois ham o‘tgan yilning mantiqiy davomi sifatida, shuningdek, O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa ekanligini inobatga olgan holda 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berilishini jamoatchilik vakillari bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi. Sababi, bu siyosat bir yil bilan cheklanib qolmasligi, doimo bardavom bo‘lishi kerak.

Murojaatnomadan o‘rin olgan oltita yo‘nalishdagi ustuvor vazifalardan dastlabgisi ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish deb belgilandi. Chunki qolgan beshta yo‘nalishdagi vazifalarni amalga oshirishda zamonaviy davlat boshqaruvi, tajribali rahbar kadrlar va samarali menejment kerak bo‘ladi.

Prezidentimiz ilgari e’tibordan chetda qolib, “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida bo‘lgan sohalarni “oyoqqa turg‘izish” uchun olti yil davomida yangi vazirlik va idoralarni tashkil qilishga to‘g‘ri kelganligini, aks holda hozirgi yutuqlarimiz bo‘lmasligini ta’kidlab o‘tdilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan endilikda sohadagi yutuqlarimizni yanada kengaytirish va rivojlantirish maqsadida “QO‘L BOShQARUVI”dan – aniq natijaga ishlaydigan “TIZIMLI BOShQARUV”ga o‘tish vaqti kelganligini alohida belgilab berdilar. Davlat boshqaruv organlarida bir-birining vazifa va funksiyalarini takrorlaydigan ortiqcha shtatlarning mavjud ekanligi, markazlashuv o‘ta darajada yuqoriligi, buning oqibatida bugungi murakkab masalalarga to‘g‘ri yechim topish uchun ortiqcha vaqt, kuch va resurs sarflanayotganligi og‘riqli muammolarimizdan biri ekanligi ta’kidlandi.

Haqiqatan ham, bugungi kunda vazirlarning Hukumat qabul qilayotgan qarorlarni tayyorlash va hayotga joriy etishdagi ishtiroki va mas’uliyati yetarli emas. Endi vazirlarning bunday eskicha usulda ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligi, endilikda vazirlarning o‘z sohasi bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan aniq yondashuvlari bo‘lishi lozimligi qayd etildi. Shu maqsadda yangi ma’muriy islohotlar to‘g‘risidagi farmon imzolandi. Bunda vazirliklar soni kamaytirilishi, ularning ish uslublari ham tubdan o‘zgartirilishi belgilandi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni bo‘lgan, fidoyi va xalq dardi bilan yashaydigan vazirlargina ishda qolishi ta’kidlandi. Davlat xizmatchilari sonini ham bosqichma-bosqich 30-35 foizga kamaytirish, bunda albatta, chuqur o‘ylab qaror qabul qilish, davlat xizmatchilari sonini optimallashtirishda bir-birini takrorlaydigan vazifalarni bajarayotgan lavozimlarni birlashtirishga va ushbu lavozimda eng munosib, fidoyi, xalqiga sadoqatli xodimni meritokratiya tamoyili asosida ishda olib qolish choralarini ko‘rish talab etiladi. Bunda tanish-bilishchilik, mahalliychilik, korrupsiya kabi salbiy illatlarga asoslanib emas, balki xodimning bilimi va salohiyatiga tayanib qaror qabul qilinishi lozim. Xodimlar sonini optimallashtirish orqali iqtisod qilingan mablag‘lar ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilishi belgilandi.

Prezidentimiz o‘z nutqlarida bu yil “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi yangi qonunni qabul qilinganligini ham alohida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu yangi me’yoriy-huquqiy hujjat barcha davlat fuqarolik xizmatchilari uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilishi, 

36 milliondan ziyod xalqning kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan qonun, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Zero, ushbu qonunda davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomi, davlat fuqarolik xizmati tushunchasi, uning tizimi, xizmatga kirish, uni o‘tash, xizmatni tugatish, rag‘batlantirish va intizomiy choralar belgilash, malaka darajalari berish, davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash, faoliyat samaradorligini baholash kabi normalar o‘z aksini topdi. Qonunga muvofiq, bundan buyon barcha davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga faqat tanlov asosida ishga qabul qilinishi mustahkamlandi. Bu me’yor davlat boshqaruv organlariga ishga qabul qilishda adolat, shaffoflik va tenglik tamoyillari o‘rnatilishiga asos bo‘ladi. Bundan tashqari, barcha rahbarlar faoliyati samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholab borilishi belgilandi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, Prezidentimizning har yili Parlamentga Murojaatnomasi mamlakatimizning kelgusidagi taraqqiyotini belgilab beradigan asosiy hujjat bo‘lib, unda belgilab beriladigan vazifalar har bir rahbarning yil davomidagi asosiy ish rejasi hamda mamlakatni rivojlantirishdagi asosiy “yo‘l xarita”si sanaladi. 

X.Nazarov,

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi

Samarqand viloyati filiali rahbari.