Ayanchli YTHda ikki kishi vafot etdi, 5 kishi og‘ir jarohati oldi
Joriy yilning 19 may kuni soat 13:30 da 31 yoshli M.J. boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinasida Buxoro viloyati Qorako‘l tumani hududidan o‘tuvchi 4R-76 yo‘lining 8-kilometriga yetganida, amaldagi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, o‘ziga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan - 39 yoshli N.T. boshqaruvida bo‘lgan “Lacetti” rusumli avtomashina bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.
Oqibatda “Nexia” avtomashinasining yo‘lovchisi - 19 yoshli Z.N. hodisa joyida, haydovchi M.J. esa tibbiyot birlashmasida vafot etgan. Bundan tashqari, har ikki avtomashinadagi 6 nafar yo‘lovchilardan 5 nafari og‘ir tan jarohati, bir nafari esa yengil tan jarohati olgan. Ularning barchasiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qorako‘l tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, deb xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti.