Aybsiz yaponiyalik qatl etilishini 48 yil kutib yashadi
Ivao Hakamada umrining 48 yilini qamoqda, o‘limga mahkum qilingan bir kishilik kamerada o‘tkazdi. 2014 yilda nihoyat u aybsiz deb topilib, qo‘yib yuborildi.
Sudning dahshatli xatosi baxtsiz yaponiyalik hayotining ko‘p qismini panjara ostida o‘tkazishga majbur qildi. Hozir Ivao 81 yoshda, u mutlaqo ozod, lekin uning ruhiy salomatligi zaiflashgan. Axir 46 yil tashqi dunyo bilan aloqa qilmasdan, mutlaq izolyasiyada, taqdiri qanday kechishini bilmasdan va har kuni seni qatlga olib ketishlarini kutib yashash oson bo‘lmasa kerak.
Bir paytlar Ivao Hakamada boks va muaytay bo‘yicha musobaqalarga qatnashgan mashhur sportchi edi. Ammo 1966 yilda u ishlab turgan zavod rahbarining uyida yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in o‘chirilganda uydan uy egasi, uning xotini va ikki farzandining pichoq bilan o‘ldirilgan jasadi topilgan. Avgust oyida Hakamada to‘rt kishini o‘ldirishda ayblanib, hibsga olinadi. 1968 yil sentyabr oyida Sidzuoke tuman sudi uni osib o‘ldirish orqali o‘lim jazosiga hukm qiladi.
Tergov ko‘plab qonunbuzarliklar bilan o‘tdi. So‘roqlar qisqa tanaffuslar bilan 240 soatdan ortiq davom etardi. Ivaoni kaltaklashardi, uni ovqatsiz qoldirib, hojatxonaga borishga ruxsat berishmasdi... Oxir-oqibat u «sindi» va jinoyatni sodir etishda “chin ko‘ngildan iqror bo‘ldi”. Sud majlisida Hakamada o‘z ko‘rsatmasidan voz kechdi va faqat politsiya bosimi ostida jinoyatga iqror bo‘lganini aytdi. Dalillar yo‘qligiga qaramay, ikki yillik jarayonlardan so‘ng sud Ivaoni aybdor deb topdi va o‘lim jazosiga hukm qildi.
Hakamadaning advokatlari uch marta appelyasiyaga bergan, biroq rasmiylar ularni har gal rad etgan. Ivaoning opasi Xideko ukasining aybsizligini isbotlash umidini yo‘qotmadi. Aynan u 2012 yilda DNK testlari o‘tkazilishini talab qildi, shundagina jinoyat joyida topilgan taxmin qilingan jinoyatchining kiyimidagi qoni sobiq bokschiga tegishli emasligini aniq ko‘rsatdi. Adolat qaror topishi uchun deyarli yana ikki yil kutish kerak bo‘ldi.
Yaponiyaning yirik kompaniyalaridan biri Ivao haqida hujjatli film suratga olishga qaror qildi. Dastlab jurnalistlar uni o‘limga hukm qilgan uch sudyadan biri Norimiti Kumamotodan Hakamadaning oqlanishi to‘g‘risida intervyu olganida, avvaliga u yig‘lab yubordi, so‘ng jilmayib javob berdi: “Hakamadani jarayonning boshida himoya qilishga urinib ko‘rgandim va jarayonni kechiktirishga harakat qildim. Lekin biz katta bosim ostida qolgan edik. Qilgan ishim uchun men hatto kechirishga sazovor emasman...”
Albatta, hech kim Ivaoga o‘lim jazoga hukm qilinganlar kamerasida o‘tkazgan yillarini tiklab bera olmaydi. Faqat ushbu dahshatli adolatsizlik aybdorlari jazolanishiga, Hakamada oilasi munosib tovon puli olishiga, yapon huquq-tartibot idoralari xodimlari inson hayotiga e’tiborliroq bo‘lishiga umid qilish mumkin, xolos.
Ivao Hakamada 2011 yilda “O‘lim jazosini eng uzoq kutgan shaxs” sifatida “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilgan.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.