Balkondagi garaj yoki Tbilisidagi ko‘p qavatli uy balkonida 27 yil “yashagan” “Jiguli»

Bundan roppa-rosa 30 yil oldin Tbilisidagi turar-joy binolaridan biri bir kunda shaharning diqqatga sazovor joyiga aylandi. Ertalab uyg‘ongan uy aholisi to‘rtinchi qavat balkonlarining birida... haqiqiy mashinani ko‘rib hayron bo‘lishdi.
Voqea bunday boshlangan edi...

1991 yilda Gruziyaning Tbilisi shahridagi massivlarning birida yashovchi Rezo Enukidze umr bo‘yi orzu qilgan o‘sha paytdagi eng nufuzli mashinalardan biri ko‘k "VAZ-2106" rusumli yangi avtomashina sotib oldi. Ammo u o‘z mashinasini haydab, biron yoqqa sayohat qilishga muvaffaq bo‘lmadi. Birinchi kechadayoq noma’lum kishilar mashina g‘ildiraklarini o‘g‘irlab ketishdi.
Qattiq g‘azablangan Rezo kran chaqirtirib, mashinani o‘zi yashaydigan to‘rtinchi qavatda joylashgan kvartirasining balkoniga chiqarib qo‘ydi.
“Bu yerda o‘g‘rilar unga tegina olmaydi”, dedi Enukidze qo‘shnilariga. Keyin qo‘shib qo‘ydi: “Mashina yaxshi zamonlar kelgunga qadar shu yerda qoladi!”.



Yillar o‘taverar, “Jiguli” esa balkonda "yashash"da davom etardi. Yaxshi zamonlar kelishini kutgan mashina egasi avtomobilini ehtiyotkorlik bilan parvarish qilar, uni muntazam yuvib, tozalab turardi. Biroq u o‘zining “Lada”siga yangi g‘ildiraklarni o‘rnatishga shoshilmasdi – bir kun kelib mashinani yerga tushirganda bu ishni qilishiga ishonardi.
Balkonida mashinasi bo‘lgan uy tobora mahalliy diqqatga sazovor joyga aylandi. Keyinchalik Tbilisi, hatto Gruziya tashqarisida shuhrat qozondi. BBC, CNN, Euronews kabi ko‘plab telekanallar bu mashinani suratga olish uchun kelardi.
2017 yilda Rezo Enukidze to‘satdan vafot etdi. Vafotidan so‘ng uning xotini shahar hokimiyatining qo‘ygan shartlariga qaramay, uzoq vaqt mashinani yerga tushirishni xohlamadi.
Nihoyat 2018 yilning noyabr oyida u taslim bo‘ldi: avtokran deyarli qariyb o‘ttiz yil oldin mashinani to‘rtinchi qavatga ko‘targani kabi, “Jiguli”ni ehtiyotkorlik bilan asfaltga tushirib qo‘ydi.

Shu tarzda Tbilisi 90-yillar davrining eng yorqin diqqatga sazovor joylaridan mahrum bo‘ldi. “Jiguli”ning keyingi taqdiri haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Yurish masofasi deyarli nolga teng mashina avtomobil kolleksiyalovchilaridan birining garajida turgan bo‘lsa ajabmas.

Bu maqola hayotimizni keyinga, yaxshiroq zamonlarga qoldirmaslik to‘g‘risida. Ko‘pchiligimiz buning oqibatini sezmasdan vaqti-vaqti bilan shunday qilamiz. Oramizda bugun va hozirda yashab olishga jur’at etadiganlar kam. Aslida bu ham bir san’at. Qolgani esa balkonda turgan "VAZ-2106"ga o‘xshaydi...

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.