“Bansyao” falokati: 26 ming kishini halok qilgan, 6 millionta uy-joyni vayronaga aylantirgan to‘g‘on

O‘tgan asrning ikkinchi yarmida Xuanxa daryosida ulkan suv toshqinidan keyin Xitoy mamlakatdagi daryolarni o‘z nazoratiga olishga qaror qildi. Xitoy oldida turgan vazifalarni bajarishi uchun unga dalalar, sug‘orish uchun suv va elektr energiyasi zarur edi. Natijada Juxe daryosi jilovlandi.

Pekin janubidagi Xenan provinsiyasi bo‘ylab oqib o‘tuvchi bu daryoda bir nechta to‘g‘on paydo bo‘ldi. Jumladan, 1952 yilda “Bansyao” to‘g‘oni qad ko‘tardi. U dastavval dalani suv toshqinidan himoya qildi, keyinchalik unda GES qurildi.

To‘g‘on tuproqdan tiklangan bo‘lib, uzunligi 118 metr, balandligi 25 metr edi. Suvni favqulodda zarur bo‘lganida qochirish yo‘li 1742 m/sek. tezlikdagi oqimga mo‘ljallangandi. To‘g‘on esa 492 mln. kub/metr hajmdagi suv bosimini ko‘tara olardi. Odatda suv omborida atigi 117 mln. kub/metrgacha suv to‘planardi.

Muhandislar loyihalaridagi hisob-kitoblarga ko‘ra, “Bansyao” to‘g‘oni ming yillar suv toshqinlariga ham dosh bera olardi. Biroq to‘g‘on qurilishi tugar-tugamasdan siljiy boshladi. Xatoni tuzatish uchun SSSRdan muhandislar taklif etildi. Ular “Bansyao”ni tiklashdi va u har qanday sinovga bardosh bera olishini ta’kidlashdi. Ammo ular ham xato qilishgandi: qaysar daryoning “nozik” fe’l-atvorini bilishmasdi. Suv ombori favqulodda toshib ketsa, suvni qochirish uchun lozim bo‘lgan 12 ta ehtiyot suv yo‘li o‘rniga 5 ta kifoya, deb o‘ylashdi.

Xitoylik muhandis-gidrolog Chen Sin bosh vazir o‘rinbosari Tan Chjan Enlinga xatolarni aytib, tuzatish lozimligini bildirdi. Biroq uni vahimachilikda ayblab, ishdan bo‘shatishdi. “Bansyao” to‘g‘oni haqiqatan ham 23 yil - Xitoyga “Nina” to‘foni yopirilguncha dosh berdi...

1975 yilda Xenan provinsiyasiga bir sutkada 1631 mm. yog‘in yog‘di. Bu yillik me’yordan 800 mm. ziyod edi. To‘g‘onni qo‘riqlovchi harbiy bo‘linma komandiri suvni qochirish uchun barcha yo‘laklarni ochishga ruxsat so‘rab, yalindi, biroq unga ham quloq solishmadi. Fojia ro‘y berishi muqarrar bo‘lib qolganda “Bansyao” bilan aloqa allaqachon uzilgandi.

1975 yil 8 avgustda yarim soatdan keyin suv toshqini “Bansyao” to‘g‘onini o‘pirib, uni yer yuzidan supurib tashladi. 7 metr balandlik, 15 km. kenglik, soatiga 55 km. tezlikdagi oqim yo‘lidagi qishloq va shaharlarni vodiy bo‘ylab oqizib ketdi. 6 soat ichida to‘g‘on orqali 15 mlrd. kub suv oqib o‘tdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 26 ming kishi halok bo‘ldi, 11 mln. kishi jabr ko‘rdi, 6 mln.ta uy-joy, “Pekin-Guanchjou” temiryo‘l tarmog‘i vayron  bo‘ldi.

Fojia shu bilan tugamadi, to‘fon yana 60 ta to‘g‘onni buzib, 29 okrugdagi dalalarni yuvib ketdi. Tabiy ofat qarshisida ojiz qolgan hukumat to o‘ziga kelib, fojia oqibatlarini tuzatishga kirishguncha suv bosgan hududlarda ochlik, kasallik - dizenteriya, vabo, tif tarqalib, yana 230 ming xitoylikni umriga zomin bo‘ldi.

“Bansyao” to‘g‘oni 1993 yilga kelib tiklandi. Fojia inson tabiatni bo‘ysundirishga urinib, o‘z kuchiga ortiqcha baho berishi xatarli ekanligini ko‘rsatdi.

T.Shomurodov tayyorladi.