Bankdan Rossiyaga jo‘natgan 20 ming dollar pulim izsiz yo‘qoldi 

Tadbirkorman. Faoliyat yuritishimda zarur bo‘lganligi bois Rossiyadan zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilishimga to‘g‘ri keldi. Buning uchun ayni vaqtda Moskva shahrida ishlayotgan qaynsinglim Zarnigor Vahobova nomiga pul jo‘natishim lozim edi. Shu maqsadda joriy yilning 2 va 3 fevral kunlari “O‘zsanoatqurilishbank”ning Samarqand viloyati Amir Temur filialiga bordim.

Bank xodimlariga Rossiyaga 20 ming AQSh dollari jo‘natishim kerakligini aytganimda ular “Buncha katta valyuta summasini bir kishi bir kunda chetga jo‘natishi qonunchiligimizda ko‘zda tutilmagan. Bir fuqaro faqat 5 ming dollar jo‘natishi mumkin”, deyishdi.

Qonun-qonun-da, rozi bo‘ldim va turmush o‘rtog‘imni bankka chaqirib, u bilan birga “CONTACT” xalqaro pul o‘tkazmasi orqali birinchi kun 5 ming dollardan jami 10 ming, ikkinchi kuni yana shu bankdan qolgan 10 ming dollarni jo‘natdik. Buning uchun 100 AQSh dollari xizmat haqi to‘ladim. To‘rt marta 5 ming dollardan amalga oshirilgan pul jo‘natmasi uchun alohida-alohida kod raqami berishdi. Bankdan chiqib “Uyga borgandan keyin Zarnigorga telefon qilib, ushbu jo‘natmalarning kod raqamlari va summasini aytamiz”, dedik va yo‘lga chiqdik. Oradan 1,5 soat o‘tgach, telefon raqamimga “Siz jo‘natgan pul yechib olindi”, degan mazmunda SMS xabari keldi.

Hayron qoldim: axir biz hali Zarnigorga pul jo‘natganimizni, uning miqdori qanchaligi, bankdan olish uchun kod raqamlarini aytmadik-ku. U pulni qanday oldi ekan?.. Darhol u bilan telefon orqali bog‘landik. Tabiiyki, Zarnigor ishxonasida ekanligini, uning nomiga qachon, qancha pul jo‘natganimizni bilmasligi, shu bois bankka bormaganligi va pulni olmaganligini aytdi. Balki SMS xabari noto‘g‘ri kelgandir, degan fikr bilan uni Moskvadagi bankka borib, biz jo‘natgan kodlar va summani aytishini tayinladik. Afsuski, u borsa bank xodimi haqiqatan ham bu o‘tkazmalar bo‘yicha kelgan pul olinganini bildiribdi.  

Ertasi kuni “O‘zsanoatqurilishbank”ning Amir Temur filialiga borib, bo‘lgan holatni tushuntirdim. Bankdagilar “Siz Zarnigor Vahobova nomiga jo‘natgan bo‘lsangiz, undan boshqa odam pulni olishi mumkin emas”, deya javob berishdi. Shundan keyin yugur-yugur boshlandi. Aniqlanishicha, men pulni “CONTACT” xalqaro pul o‘tkazmasi orqali manzilsiz tarzda Moskvaga jo‘natganman (bu mijozlarga qulaylik tarzida amal qilinarkan), uni Rossiyaning har qanday nuqtasidan olish mumkin ekan. Shuning uchun pul Rossiyaning Samara oblast Jigulovskiy shahridagi “KS” bankidan yechib olingan. Lekin pulni Moskva shahrida ishlayotgan qaynsinglim 1000 kilometr olisdagi bankka borib olmaganligi aniq. Ya’ni, pulni boshqa kishi noqonuniy yo‘llar bilan olgan.

Bu borada ko‘mak so‘rab avval filial boshlig‘i, keyin bankning viloyat filiali rahbari, Markaziy bank viloyat boshqarmasiga bordim, muammo hal bo‘lavermagach, huquq-tartibot idoralariga murojaat qildim. Ularning og‘zaki ham, yozma ham javobi bitta: “Pulni qaynsinglingiz olgan, bu haqda “CONTACT” xalqaro pul tizimining asoslovchi hujjatlari bor!”.

Ammo bank rahbaru xodimlari menga ana shu asoslantiruvchi hujjatni ko‘rsata olmayapti. Men esa mana, to‘rt yarim oydirki, sarsonman. “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Amir Temur filiali boshqaruvchisi F.Hamidov “Qaynsinglingiz Samara oblastidagi pul yechib olingan “KS” bankiga murojaat qilsin”, deydi. Xo‘sh, nega? Banklar-chi? Axir men shu summani jo‘natish uchun bankka 100 AQSh dollari xizmat haqi to‘ladim, bu summaning bir qismi o‘zlarida qolsa, bir qismi Rossiyadagi hamkorlik qilayotgan o‘sha banklar hisob raqamiga tushganku. Qani bu yerda mijozning himoyasi, manfaati? Nega ular firibgarlik yoki o‘g‘rilik sodir bo‘layotganini eshitgan zahoti holat bilan jiddiy shug‘ullanishmaydi? Bu holatdan mijozdan ko‘ra ular ko‘proq tashvishga tushishi kerak emasmi? Chunki bu holat orqali bankning, “CONTACT” xalqaro pul o‘tkazmasining obro‘ va manfaatlariga putur yetadi-ku.

Xullas, men bank xodimlaridan masalaga oydinlik kiritadigan birgina holatni talab qilyapman. Bu – Samaraning Jigulovskiy shahridagi “KS” bankidan men jo‘natgan pulni kim olgan? Qaynsinglim Zarnigor Vahobovami? Bank xodimimi? Boshqa odammi? Buni aniqlash aslo qiyin emas. Buning uchun o‘sha vaqtdagi videolavha kerak, xolos. Chunki “KS” bankidan pul olingan sana va vaqt aniq. Demak, shu vaqtda bankka kim kelgan va kim olgan? Qaynsinglim bo‘lsa, uning pulni olish uchun pasport nusxasi, imzosi bo‘ladi. Boshqa bo‘lsa, masala oydinlashadi.

Rosti, o‘tgan vaqt davomida shubhalar ostida azob chekyapman. Tadbirkorligim ham bir necha yillarga ortga ketgani ham bor gap. Qolaversa, 20 ming AQSh dollari oz pul emas, bir tadbirkorni yo bor, yo yo‘q qiladi. Masala yechimida mutasaddilardan ko‘mak so‘rayman.

Navro‘z Abdullayev,

Samarqand shahri.